Coursera Day'da ta’lim va mehnat bozoridagi tendensiyalar muhokama etildi
2025-05-16 12:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Ta'lim Uyushmasi, Raqamli Ta'limni Rivojlantirish markazi hamda Coursera platformasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda sun’iy intellekt, ta’lim va mehnat bozoridagi yangiliklar muhokama etildi.
100 dan ortiq yoshlarni qamrab olgan mazkur tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov 300dan ortiq xalqaro universitetlar hamda kompaniyalarning dasturlarini o’z ichiga olgan Coursera ta’lim platformasi yordamida kelajak kasblarida ta’lim olish, IT yo’nalishida xalqaro darajada ta’lim sertifikatlarini qo’lga kiritish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Coursera ta’lim platformasi vakillari — kompaniyaning mintaqaviy direktori Larisa Vitkroft hamda katta menejeri Vera Ignateva ishtirok etib, Xalqaro oliy ta’lim va mehnat bozori tendensiyalari hamda Coursera kurslaridan samarali foydalanish va o’qitish metodlari haqida taqdimotlar qilishdi.
Shuningdek Coursera kurslarini o‘quv dasturiga integratsiyalash, Sun’iy intellekt va kelajak o‘quv dasturlari mavzusida panel muhokamalar bo’lib o’tdi.
Ma’llumot o’rnida aytish joizki, Global Skills 2024 hisobotida O’zbekiston kadrlarni tayyorlashga sarmoya kiritayotgan mamlakatlar orasida hamda Coursera foydalanuvchilari bo’yicha MDHda 1-o’rinda turibdi.
2023-2024-yillarda 1,2 mlndan ortiq yoshlar 8 ta IT mutaxassisligi bo’yicha bepul kurslarda tahsil olib, 400 ming nafar yoshlar xalqaro darajadagi IT sertifikatlarni qo’lga kiritgan.
2025-2026-yillarda esa 1 milliondan ortiq yoshlarni 5 ta yo’nalish bo’yicha bepul o’qitib, 30 mingdan ortiq yoshlar professional darajadagi xalqaro IT sertifikatlarga o’qitilishi rejalashtirilgan.
Tadbirda Coursera ta’lim platformasida yuqori natijalarga erishgan eng faol talabalar taqdirlandi.