Bitiruvchi yoshlar uchun imkoniyatlar eshigini ochayotgan kelajak kadrlarini tayyorlaydigan "Cyber University" davlat universitetida Ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi
2025-05-15 22:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 15-may kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, Kiberxavfsizlik markazi hamda Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi hamkorligida “Cyber University”da “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida yoshlar uchun axborotni himoyalash, raqamli texnologiyalar rivoji, sun’iy intellekt tizimlari, mashinaviy o‘rganish, robototexnika, masofaviy hisoblash kabi sohalarga oid keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etildi. Bitiruvchi yoshlar universitet faoliyati, mavjud yo‘nalishlar, zamonaviy laboratoriyalar va o‘quv dasturlari bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, tadbir doirasida OAV vakillari uchun press-tur o‘tkazilib, keng jamoatchilikka universitet haqida batafsil va ochiq ma’lumotlar berildi.
2025-yil 20-yanvardagi PQ–14-sonli qaroriga asosan “Cyber University” davlat universitetini tashkil etilgan edi. Ushbu universitet axborotni himoyalash, kiberxavfsizlik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellektga asoslangan tizimlar, robototexnika va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan.
Bugungi kunda universitetda raqamli texnologiyalar sohasidagi mutaxassislar qayta tayyorlanib, malakasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. O‘quv jarayonlari esa xorijiy tajriba va zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida tashkil etilgan.
Ma’lumot uchun: 2025-2026 o‘quv yilida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha talabalar qabul qilinadi.
Ta’lim yo‘nalishlari:
Bakalavriat:
• Kiberxavfsizlik injiniringi: tarmoq va tizim xavfsizligi
• Kompyuter injiniringi: sun’iy intellekt
• Kiberxavfsizlik injiniringi: internet ashyolari xavfsizligi
• Dasturiy injiniring: amaliy matematika va algoritmlashtirish
• Yurisprudensiya: kiber huquq
• Yurisprudensiya: raqamli kriminalistika
• Menejment: kiberxavfsizlik menejmenti
• Iqtisodiyot: raqamli iqtisodiyot
Magistratura:
• Axborot xavfsizligi
• Kiber huquq
Talabalar uchun imkoniyatlar:
➖2025/2026 o‘quv yili uchun 100 ta davlat granti
➖Stipendiyalar — sanoat hamkorlari va Innovatsion rivojlanish kengashi ko‘magida
✅ O‘quv jarayonining xususiyatlari:
• 1 yil Foundation, 3 yil asosiy ta’lim
• Ta’lim to‘liq ingliz tilida olib boriladi
• Kredit-modul tizimi asosida o‘qitish
• Amaliyot IT kompaniyalari va texnoparklarda tashkil etiladi.
🌐 Xalqaro hamkorlik:
Cyber University AQSH, Xitoy, Yaponiya va boshqa rivojlangan davlatlarning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik qiladi. Ilg‘or ta’lim dasturlari va xorijiy mutaxassislar jalb etiladi.
Joylashuv: Universitet Toshkent viloyati, Nurafshon shahri.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun:
☎️ +998 (55) 888-55-55









