Job & Education Fest 2025: Minglab yoshlarga kelajak eshiklarini ochib berdi!
2025-05-14 19:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 14-may kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti va School21 binosida axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari, umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari, bitiruvchilar va IT sohasiga qiziquvchi yoshlar uchun Job & Education Fest 2025 tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish, xizmatlar eksportini oshirish va yoshlarni bandlik bilan ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Tadbir davomida ishtirokchilar IT sohasidagi yirik kompaniyalar, ta’lim muassasalari hamda istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Yarmarkaning asosiy foydali tomonlari:
🔹 80 dan ortiq ish beruvchi tashkilot va 15 ta ta’lim muassasasi o‘z faoliyati va mavjud imkoniyatlarini taqdim etdi. Bu esa yoshlar uchun real ish o‘rinlari va amaliy ta’lim yo‘nalishlarini ko‘rish imkonini berdi.
🔹 IT bozoridagi talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha ma’lumotlar berildi. O‘quvchilar va talabalar o‘zlarining qiziqishlariga mos yo‘nalishlarni tanlashda aniqroq tushunchaga ega bo‘ldilar.
🔹 Soha mutaxassislari tomonidan seminar va treninglar o‘tkazilib, ishtirokchilar uchun IT’da muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha amaliy tavsiyalar va tajribalar bilan o‘rtoqlashildi.
🔹 Yoshlar o‘zlarining birinchi ish suhbatlarini o‘tkazish, tarmoq (networking) qilish va kompaniyalar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
🔹 Tadbir O‘zbekiston IT bozorini rivojlantirish va yoshlarni xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Job & Education Fest nafaqat yoshlar uchun, balki kompaniyalar uchun ham yangi iste’dodlarni kashf etish, ularni o‘qitish va ishga jalb qilish uchun samarali platforma bo‘ldi.