Xalqaro sahnada O‘zbekiston: Women in Tech Uzbekistan xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi
2025-04-26 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Yaponiyaning Osaka shahrida bo‘lib o‘tgan “Women in Tech® Global Summit” O‘zbekiston delegatsiyasi uchun xalqaro e’tiroflarga boy bo‘ldi. Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari ishtirok etgan ushbu 3 kunlik anjumanda bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Birinchi kun — innovatsiyalar yo‘lida ilk qadam
Sammit doirasidagi ilk tashrif Osakadagi “World Expo 2025” maydoniga uyushtirildi.
O‘zbekiston pavilyoni Nyla Beth Gawel tomonidan tanlangan “Innovation Trail” tarkibida AQSH, Germaniya, Fransiya va Yaponiya kabi davlatlarning pavilyonlari qatorida taqdim etildi.
15 dan ortiq davlatdan tashrif buyurgan 100 dan ziyod ishtirokchi O‘zbekiston madaniyati va innovatsion yondashuvlari bilan tanishdi.
Ikkinchi kun — xalqaro e’tirof
Sammitning ikkinchi kuni xalqaro spikerlarning nutqlari bilan davom etdi. Unda texnologiya, fazo, fintech va iqtisodiy innovatsiyalar haqida so‘z yuritildi. Ayniqsa, bu kun Women in Tech® Uzbekistan uchun unutilmas bo‘ldi — jamoa “Youth Engagement Award” mukofoti bilan taqdirlandi. Bu e’tirof yoshlar bilan ishlashga qaratilgan fidokorona mehnatning xalqaro darajada tan olinganidan dalolat beradi.
Mintaqamiz ayollari global sahnada tobora faolroq ko‘rinish bermoqda.
Uchinchi kun — global kelajak sari qadam
Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova O‘zbekistonni mintaqaviy IT hubga aylantirish hamda bu jarayonga xotin-qizlarni faol jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalar haqida taqdimot qildi.
O‘zbekiston ayollari global texnologik jarayonlarda o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Raqamli texnologiyalar vazirligi bu boradagi ishlarni davom ettirib, ayollarni IT sohasiga jalb etish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish yo‘lida harakat qilishda davom etadi.









