IT Park Xorazm filialida “Bunyodkor ayollar - 2025” xotin-qizlar festivali o‘tkazildi
2025-04-24 17:15:00 / Vazirlik yangiliklari

So‘ngi yillarda mamlakatimizda Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, ayollarga barcha sohalarda zarur shart-sharoitlar yaratish orqali ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shunga asosan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 23-aprel kuni IT Park Xorazm filialida “Bunyodkor ayollar - 2025” xotin-qizlar festivali o‘tkazildi. Festivalga O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Maxkamova tashrif buyurdi.
Festival doirasida “ITWOMEN XORAZM” forumi tashkil qilindi. “ITWOMEN XORAZM” forumida Xorazmdagi IT sohasidagi ilg‘or xotin-qizlar ishtirok etdi. Forum davomida viloyatdagi qizlar o‘zlarining startap loyihalarini taqdimot qildilar. Bosh Vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Maxkamova Xorazmlik yosh qizlarning IT sohasidagi loyihalari bilan yaqindan tanishdi va o‘zining takliflari hamda fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ma’lumki hozirgi kunda mamlakatimizda xususan, Xorazm viloyatida xotin-qizlarni IT sohasiga faol jalb etish orqali ularni IT sohasida bandligini ta’minlash borasida qator chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrda qabul qilingan “Xorazm viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-410-sonli qaroriga muvofiq xotin-qizlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida viloyatdagi 13 ta tuman (shahar)dagi IT parklarda 2 000 nafar xotin-qizlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar (dasturlash, grafik dizayn, mobilografiya) doirasida bilimini oshirish rejalashtirilgan.
Ushbu ishlarni amalga oshirilishi natijasida Xorazmda xotin-qizlarni IT sohasidagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga erishiladi.








