Uzcosmos vakillari AQShda manfaatli kelishuvlarga erishishdi
2025-04-18 18:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Xususan, ularning dastlabki manzili Kaliforniya shtati bo’ldi. U yerda qishloq xoʻjaligi ekin yerlaridan samarali foydalanish borasida sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida suv isteʼmoli hajmini aniqlash tajribasi o‘rganildi. Ya’ni Madera Yerosti suvlari barqarorligi agentligi, 108-sonli melioratsiya va Okdeyl irrigatsiya okruglariga tashrif buyurilib, “Davids engineering” va “Land IQ” kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ta’kidlanganidek, AQSHda fermerlar tomonidan yer osti suvlarining ortiqcha ishlatilishining oldini olish maqsadida ularga suv iste’moli bo‘yicha cheklovlar joriy etilgan va jarimalar belgilangan.
Shuningdek, tashrif doirasida Uzcosmos vakillari 1969-yildan buyon geoaxborot tizimlari uchun dunyodagi eng kuchli dasturiy ta’minot yaratuvchisi hisoblangan, global yetakchi “Esri” kompaniyasining bosh qarorgohiga ham tashrif buyurishdi. Muzokaralar davomida hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama etilib, o‘zaro tajriba almashish va muntazam treninglar o‘tkazish bo’yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Qolaversa, O‘zbekistonda “Esri” ofisi yoki texnologik markazini ochish, “IT Park Uzbekistan” rezidenti sifatida mintaqaviy bo’linma tashkil etish g’oyalari ilgari surildi. Ahamiyatlisi, “Esri” vakillari kosmik monitoring yo‘nalishida Uzcosmos olib borayotgan loyihalarni yuqori baholashdi.
AQSh safarining eng muhim uchrashuvlaridan yana biri bugungi kosmik bozor liderlaridan hisoblangan “SpaceX” kompaniyasining Los-Anjelesdagi ofisiga tashrif bo‘ldi. Uchrashuvda o‘zbekistonlik yosh muhandislar tomonidan Kyushu texnologiya institutida (Yaponiya) o‘qish davomida yig‘ilishi rejalashtirilgan ilmiy texnologik sun’iy yo‘ldoshni “SpaceX” kompaniyasining raketasida uchirish masalasi muhokama qilindi.
Shu bilan birga, O‘zbekistoning “Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar – 2035” strategiyasi bo‘yicha fikr almashilib, “SpaceX” kompaniyasi vakillari hujjatning dastlabki loyihasi tayyor bo‘lgach, uni ko‘rib chiqib, yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr va mulohazalarini taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari “SpaceX” kompaniyasining “Falcon 9” tashuvchi raketasini ishlab chiqarish jarayonlari va quvvatlari bilan yaqindan tanishishdi.
Qolaversa, Uzcosmos vakillari AQShning Kolorado-springs shahri mezbonlik qilgan “Space Symposium” xalqaro konferensiyasida ishtirok etishdi. Unda 40 dan ortiq mamlakatlardan 10 mingdan ziyod qatnashchilar yig’ilishdi. Ahamiyatlisi, mazkur o‘zaro muloqot platformasi orqali turli mamlakatlarning kosmik texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalari bilan keng qamrovli muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, kosmik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan quvvatlarining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish masalalari bo‘yicha dastlabki fikrlar almashildi. Shuningdek, Uzcosmos agentligi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilayotgan, sun’iy yo‘ldoshlarni harakatlantiruvchi tizimlarni (satellite propulsion system) loyihalash, ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va tijoratlashtirish bo‘yicha mavjud yondashuvlar, texnologiyalar va hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
“Space Symposium” xalqaro konferensiyasi doirasida Uzcosmos vakillari bir qator samarali uchrashuvlarni o‘tkazib, manfaatli kelishuvlarga ham erishishdi.
Xususan, Uzcosmos agentligi va Koreya Aerokosmik Administratsiyasi (KASA) o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, o‘zaro hamkorlikni kosmik ta’lim, fanlar va tadqiqotlar, kosmik texnologiyalarning qo‘llanilishi, sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqish, yerusti kosmik infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda olib borish belgilandi.
Qolaversa, O‘zbekistonning “Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar – 2035” strategiyasini amalga oshirishda Fransiyaning “Novaspace” konsalting kompaniyasi bilan konsultativ hamkorlik qilish bo‘yicha ham ikki tomonlama kelishuvga erishildi.
Bunda asosiy e’tibor strategiya doirasida belgilanayotgan ustuvor yo‘nalishlar, metodologik yondashuvlar va xalqaro amaliyotlarni o‘rganish, rivojlanayotgan davlatlar kosmik ekotizimi, kosmik sohadagi erkin iqtisodiy zonalarning (EFZ) ilg‘or tajribasi bilan tanishish, texnologik investitsiyalarni jalb qilish modellari, tashqi bozorlarga chiqish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratiladi.
Xalqaro Astronavtika Federatsiyasi ijrochi direktori bilan “IAC 2028”ni O‘zbekistonga olib kelish bo’yicha maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Qayd etish lozim mazkur global forumda har yili 100dan ortiq davlatlardan kosmik agentliklar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy-ta’lim markazlari rahbarlari, jahon kosmik hamjamiyati vakillaridan iborat 10 mingdan ortiq ishtirokchilarni bir maydonga jamlaydi.
Bir so’z bilan aytganda, Uzcosmos vakillarining AQShga bo‘lgan safari mehmahsul va yorqin voqealarga boy bo’ldi. Albatta, bu kabi hamkorlik aloqalari avvalo mamlakatdagi kosmik tadqiqotlar va texnologyalar bozorini yana rivojlantirish, yangi loyiha va dasturlarni ishga tushirishda muhim ahamiyat kasb etadi.






