TATUda “Muhandislik oyligi” boshlandi
2025-04-08 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Ushbu “Muhandislik oyligi” doirasida “Oliygoh kubogi” musobaqasining yakuniy bosqichi va innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 14-fevral kuni yoshlar bilan uchrashuvi chog‘ida ilgari surgan tashabbuslari ijrosi doirasida tashkil etildi.
Unda sun’iy intellekt, robototexnika, dron texnologiyalari, kiberxavfsizlik, dasturiy mahsulotlar, kompyuter o‘yinlari va ta’lim texnologiyalari yo‘nalishlaridagi talabalar va tadqiqotchilar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion loyihalar namoyish qilindi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirok etib, ko‘rgazma doirasida yoshlarning ishlanmalarini tijoratlashtirish, startap loyihalarni rivojlantirish va texnologik kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, bir qator hamkorlik kelishuvlari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Sovrin jamg‘armasi 150 million so‘m “Oliygoh kubogi” musobaqasining final bosqichida esa eng yaxshi deb topilgan startap loyihalar hakamlar hay’ati tomonidan saralandi. G‘oliblar esdalik sovg‘alari va rivojlanish uchun grantlar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, universitetda o‘qish davrida ilmiy-tadqiqot faoliyatiga, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga qiziqqan, mustaqil fikrga ega bo‘lib, qobiliyatlarini namoyon eta olgan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi, Beruniy, Islom Karimov nomli davlat stipendiyalari, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya hamda “Yilning eng faol talabasi” Respublika ko‘rik-tanlov g‘oliblarini erishgan yutuqlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir nafaqat innovatsion fikr egalarini qo‘llab-quvvatlash, balki ularning g‘oyalarini keng jamoatchilik e’tiboriga havola etish, investorlar bilan bevosita aloqalarni mustahkamlash va texnologik muhitni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.