School 21 da IT sohasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan Women Empowerment Week in Tech loyihasi boshlandi
2025-03-11 20:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun Samarqand shahridagi School 21 kampusida IT va raqamli sohada karyera qurishni maqsad qilgan qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan to‘rt kunlik ta’lim loyihasi – Women Empowerment Week in Tech o‘z ishini boshladi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida School 21 raqamli texnologiyalar maktabi tomonidan tashkil etilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Gender tenglik va boshqaruv indeksida (GEGI) 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Bu xotin-qizlarning ta’lim, tadbirkorlik va texnologiya sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tufayli amalga oshirildi. Women Empowerment Week in Tech haftaligi qizlarga texnologiyalar sohasiga dadil kirib borish, zarur bilimlarni egallash va raqamli dunyoda o‘z o‘rnini topishga yordam berish maqsadida tashkil etilgan.
Sobirova Kamola Shavkatovna, Raqamli texnologiyalar vazirining yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb qilish bo‘yicha maslahatchisi:
“Bugungi kunda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash masalalarida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Buni xalqaro reytinglardagi o‘sish ko‘rsatkichining oshib borayotganligidan ham yaqqol sezish mumkin. E’tirofli jihati shundaki, bugungi kunda O‘zbekistonning iqtidorli va intiluvchan qizlari yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga, raqamli sohada karyera qurishga va iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatmoqdalar. Women Empowerment Week in Tech tadbiri esa xotin-qizlarga teng imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘lib, u nafaqat sohaga endigina qadam qo‘yayotgan qizlarga zarur ko‘nikmalarni egallashga va o‘z kuchlariga ishonishga yordam beradi, balki ular uchun yuqori maoshga ega bo‘lgan istiqbolli karyeraga yo‘l ochib beradi”.
Mazkur loyihada ishtirok etish maqsadida jami 400 dan ortiq talabgorlardan arizalar kelib tushdi. Tashkilotchilar Namangan, Qashqadaryo, Navoiy, Jizzax va respublikaning boshqa viloyatlaridan 50 nafar eng sara ishtirokchilarni tanlab olishdi. Tadbir doirasida qizlar uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, jumladan, ovqatlanish, yotoqxona, kompyuterdan foydalanish va hokazo.
Luxmanova Zarina Talibovna, School 21 asosiy ijrochi direktori:
“Biz texnologiya sohasida o‘zini kashf etish va rivojlanishni istagan barcha qizlarni faol qo‘llab-quvvatlaymiz. Bugungi kunda School 21 da tahsil olayotganlarning qariyb 20 foizini qizlar tashkil etadi. Ular orasida oliy o‘quv yurtlari talabalari, ish faoliyatini olib borayorgan mutaxassislar va hatto, onalar ham bor. Farzandi bilan keladigan onalarga qulaylik yaratish maqsadida Samarqandda bolalar xonasini tashkil qildik. Shuningdek, Women Empowerment Week in Tech kabi tadbirlar ham aynan ular uchun mo‘ljallangan. Ishonch bilan aytishim mumkinki, Women Empowerment Week in Tech loyihasi ishtirokchilar uchun juda samarali bo‘lib, ularga yangi ko‘nikmalarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirish, o‘z kuchiga ishonish va texnologiya sohasida karyera qurish orqali mehnat bozoriga chiqish imkonini beradi!”
Bugun ishtirokchilar mashg‘ulotlarni «Psixologiya va yetakchilik» mavzusidan boshlashdi. Dastlabki kun qizlarning mehnat bozoriga ishonch bilan kirib borishiga to‘sqinlik qiladigan ichki baryerlarigabag‘ishlandi. Bu ishtirokchilar uchun o‘zlarini anglash, his-tuyg‘ular, stressni boshqarishni o‘rganish, shuningdek, oldinga intilishga yordam beradigan munosabatlarni shakllantirishda ayni muddao bo‘ldi. Keyingi uch kun davomida dastur IT sohasida karyera yaratish masalasiga yo‘naltiriladi. Ishtirokchilar loyiha va mahsulot menejmentini o‘zlashtirish bilan birga, frilans platformalaridan IT buyurtmalarini izlashni, bozorga kirish uchun kuchli rezyume va portfolio yaratishni o‘rganadilar. Dastur sohaning mahalliy va xorijiy tajribaga ega yetakchi ekspertlari, jumladan, TBC, payme, Group-IB va Women in Tech mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilmoqda. Tadbir davomida qizlarning IT sohasidagi o‘z bilim va ko‘nikmalarini moliyalashtirishga, hamda mustahkam ishonch bilan IT sohasida karyera qurishga yordam beradigan netvorking va amaliy vositalarga asosiy e’tibor qaratildi.
Nodira Ibrogimova, School 21 da hamkorlar bilan ishlash va amaliyotlar bo‘yicha menejer:
“Men IT sohasida qizlar qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligini yaxshi tushunaman, chunki o‘zim ham dasturchiman. IT sohasida mutaxassislarga talab yuqori bo‘lishiga qaramay, bir qator to‘siqlar mavjudligi, shuningdek, o‘rnak bo‘ladiganlarning kamligini kuzatish mumkin. Umid qilamizki, Women Empowerment Week in Tech ishtirokchilarga bu yo‘lni bosib o‘tgan mutaxassislar bilan muloqot qilish, hamfikrlarni topish va ulardan ko‘mak olish imkonini beradi. Bularning barchasi ishtirokchilarni ilhomlantiradi, rag‘batlantiradi va olg‘a intilishga yordam beradi. Qolaversa, ushbu tadbir ular uchun IT sohasida muhim qadam bo‘lishiga va yangi imkoniyatlar sari yo‘l ochishiga ishonamiz”.
Agar sizda ham texnologiyalar olamiga kirish istagi bo‘lsa, sizni School 21 jamoasiga qo‘shilishga taklif etamiz. Bu talabgir kasbni bepul egallash va o‘z ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlaydigan hamda rivojlantiradigan jamoaning bir qismiga aylanish uchun ajoyib imkoniyatdir. Ta’kidlab o‘tamiz, Toshkent va Samarqandda navbatdagi saralash «hovizlari» 2-iyun sanasidan boshlanadi.
O‘qish uchun 21-school.uz havolasi orqali ariza topshirishingiz mumkin.
Samarqand
📧 samarkand@21-school.uz
📞 +998930394442
📍 Samarqand, Ibn Sino ko‘chasi, 17a





