Amity universitetida “INTECH–2025” xalqaro konferensiyasi start oldi
2025-02-28 10:10:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan "Texnologiyalar orqali iqtisodiy o‘zgarishlar sari"— InTech-2025 anjumani iqtisodiyot, bank-moliya sohalarida ilg‘or texnologiyalarning o‘rni va ta’sirini muhokama qilish uchun xalqaro va mahalliy yetakchi olimlar, mutaxassislar va soha vakillarini bir joyga jamladi.
InTech-2025 konferensiyasi “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilab berilgan, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarning maqsadli dasturlarini amalga oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.
Konferensiya doirasida mavzuga doir xalqaro miqyosida kelib tushgan 1,200 nafar ilmiy ishlar saralanib, ulardan 250 nafari xalqaro Scopus ilmiy ishlar bazasida chop etiladi. Shulardan 20 ta ilmiy ish bevosita O'zbekiston bank-moliya, iqtisodiyot tizimlarini raqamlashtirishga oid.
Konferensiya doirasida "Sun’iy intellekt" (AI) va "Mashina o‘qitish" (ML) texnologiyalarining iqtisodiy tavsifi, "Katta ma’lumotlar" (Big Data) tahlili, "Blokcheyn texnologiyasi" va uning moliyaviy bozorlarga ta’siri, "Fintech innovatsiyalari" va ularning iqtisodiy o‘zgarishlarga ta’siri, to‘lov tizimlari ma’lumotlariga asoslangan holda bank tizimi likvidligini prognoz qilish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy va amaliy masalalar muhokama qilindi.
Konferensiya davomida yetakchi ekspertlar tomonidan iqtisodiy o‘zgarishlarga texnologik innovatsiyalarning ta’siri, sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar tahlili orqali iqtisodiy prognozlarni yaratish, shuningdek, blokcheyn va fintech texnologiyalarining zamonaviy bank tizimiga tatbiqi bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Amity Universiteti ushbu konferensiya orqali O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishiga hissa qo‘shish, global tajribalarni mamlakat sharoitiga moslashtirish hamda ilmiy tadqiqotlarni iqtisodiy siyosatga integratsiya qilishni maqsad qilgan. Tadbir ishtirokchilari iqtisodiy jarayonlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim xulosalar va tavsiyalar bilan chiqishdi.
Konferensiyaning yakuniy natijalari O‘zbekiston Markaziy bankining iqtisodiy siyosati va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash strategiyasida qo‘llanilishi kutilmoqda.