“Offshore Outsourcing Conference 2025”: O‘zbekistonning keng miqyosdagi salohiyati taqdimot qilindi
2025-02-26 16:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbir O‘zbekistondan IT-xizmatlarni eksport qilish va barqaror global IT-autsorsing ekotizimini yaratish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni muhokama qilish uchun 250 ta kompaniyadan 280 dan ortiq mehmonlarni, jumladan, xalqaro va mahalliy IT-korporatsiyalar vakillari va soha ekspertlarini birlashtirdi.
“Offshore Outsourcing Conference 2025”da ishtirokchilar professional muloqot, tajriba almashish va yangi biznes hamkorlarni topish uchun imkoniyatga ega bo‘ldi.
Tadbirning asosiy jihatlaridan biri jahon IT-sanoatining yetakchi vakillari bilan aloqalar o‘rnatish, global bozorlarga chiqish uchun yangi hamkorlar va mijozlarni izlab topishdan iborat edi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar O‘zbekistonda xalqaro biznes uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar. Mamlakatda texnologiyalar va autsorsing sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar uchun jozibador sharoitlar mavjud. Asosiy afzalliklar orasida:
· Malakali mutaxassislar. O‘zbekistonda 37 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi va aholining 60 foizdan ko‘prog‘i 30 yoshdan kichik yoshlardir. Yosh mutaxassislar yuqori darajadagi ma’lumotga, talab qilinadigan texnik bilimlarga ega bo‘lib, chet tillarini ham yaxshi o‘zlashtirganlar.
· Qo‘llab-quvvatlash dasturlari. Xorijiy va mahalliy kompaniyalar uchun xavf-xatarlarni kamaytirish va rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan quyidagi tashabbuslar mavjud:
· Zero Risk — viloyatlarning birida 12 oyga bepul ofis, O‘zbekiston fuqarolarining ish haqi xarajatlarining 15 foizigacha bo‘lgan miqdorda kompensatsiya.
· Local2Global — o‘zbek kompaniyalarining jahon bozorlariga chiqishiga ko‘maklashish.
· IT-Visa — Xorijiy investorlar, kompaniyalar ta’sischilari va IT-mutaxassislar uch yilgacha bo‘lgan muddatga ko‘p martalik viza olishlari mumkin. Bu viza tibbiy va ta’lim xizmatlaridan foydalanish, shuningdek, ko‘chmas mulk sotib olish imkoniyatini beradi.
· Softlanding — bu dastur xalqaro kompaniyalarga O‘zbekistonda biznesni tez va oson yo‘lga qo‘yishga yordam beradi. U “One-Stop Shop” orqali ro‘yxatdan o‘tishdan tortib, ofislar, iste’dodli xodimlar va turar joy topishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlashni, shuningdek, huquqiy va moliyaviy maslahatlarni hamda IT Park rezidentlari bilan hamkorlikni o‘rnatishni o‘z ichiga oladi.
Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekistonni texnologik kompaniyalar va xalqaro investorlar uchun istiqbolli yo‘nalishga aylantirmoqda, biznesning rivojlanishi va global bozorlarga chiqish uchun qulay sharoitlar yaratmoqda.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, nutq so‘zladi.
“Prezidentimiz tomonidan 2017-yilda O‘zbekistonni IT-Hubga aylantirish bo‘yicha uzoqni ko‘zlab yuqori maqsad qo‘yilgandi. O‘sha vaqtda bu g‘oyani to‘liq tasavvur qilolmaganlar ishonmagan ham edi va O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi IT-kompaniyalar soni 10 tadan ham kam edi, hozirgi kunga kelib esa har oyda 30 ga yaqin xorijiy IT kompaniyalar yurtimizda o‘z faoliyatini boshlamoqda! Shu raqamning o‘zi o‘sha vaqtdagi Rahbarimizninig “Vision”lari, ya’ni uzoqni ko‘zlab tasavvur qila olish qobiliyatlari qanchalik to‘g‘ri bo‘lganligining isbotidir.
Ushbu Vision sababli hozir aynan IT sohasi yuqori daromadli ishlarga yoshlarni jalb qilish bo‘yicha yetakchi bo‘lmoqda va avvallari faqat chet elga ketib daromad olish imkoni bo‘lgan iste’dodli yoshlarimiz chet eldagi yaxshi ishini tashlab ham kelib O‘zbekistonda IT Park rezidenti sifatida o‘zlarining startuplarini kengaytirish ustida ham ishlashmoqda”, – dedi vazir.
IT Park Uzbekistan’ning xalqaro hamkorlar uchun taqdim etadigan imkoniyatlari, shuningdek, sanoatni rivojlantirishda madaniyat va innovatsiyalarning o‘rni muhokama mavzulariga aylandi.
Konferensiyaning asosiy qismi infratuzilma va hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida “Dyninno Tas”, “UZINFOCOM” va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti kabi yetakchi rezident kompaniyalar hamda ta’lim muassasalariga tashriflar bilan yakunlanadi.
Tadbirda IT Park mutaxassislari hududlarda IT-infratuzilmani rivojlantirish, rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va mamlakatning mehnat qonunchiligi haqida ma’lumotlar berishdi.









