O‘zbekistonda sun’iy intellekt rivojiga bag‘ishlangan seminar: NVIDIA kompaniyasi bilan hamkorlik
2025-02-20 14:15:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi” doirasida mamlakatda sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni joriy etish, texnik infratuzilmani shakllantirish va iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarga AI texnologiyalarini keng tatbiq etish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Shu maqsadda Raqamli texnologiyalar vazirligi va dunyoning yetakchi texnologik kompaniyalaridan biri bo‘lgan NVIDIA kompaniyasi hamkorligida Toshkent shahridagi Inha universiteda sun’iy intellekt bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi sun’iy intellekt texnologiyalarining biznes sohasidagi qo‘llanilishi, AI asosidagi yechimlar va ularning iqtisodiyotga ta’siri bo‘yicha ishtirokchilarga chuqur tushuncha berish, amaliy tajriba almashish va yangi imkoniyatlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Seminarda Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos ishtirok etdi va nutq so‘zladi. O‘z chiqishida u sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va mamlakat iqtisodiyotiga integratsiya qilish borasidagi dolzarb vazifalarga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, u NVIDIA kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan ushbu seminar AI texnologiyalarini O‘zbekistonning turli sohalariga tatbiq etish, yetakchi mutaxassislar tajribasidan foydalanish va yosh kadrlarni tayyorlashda muhim qadam ekanini qayd etdi.
Seminar doirasida NVIDIA kompaniyasining MDH mintaqasi bo‘yicha biznesni rivojlantirish direktori Anton Jorayev maxsus taqdimot bilan ishtirok etdi. U NVIDIA kompaniyasining sun’iy intellektga asoslangan ilg‘or texnologiyalari, tahliliy tizimlari hamda biznes jarayonlariga qo‘llanilishi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, u NVIDIA’ning turli sohalarga oid AI yechimlari haqida amaliy misollar keltirdi va kompaniya sun’iy intellekt bo‘yicha yangi dasturlar hamda ishlab chiqayitgan loyihalari haqida gapirdi.
Ushbu seminar O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, biznes va davlat sektorida AI texnologiyalaridan samarali foydalanish, shuningdek, yoshlar va mutaxassislar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha ilg‘or bilimlarni taqdim etish maqsadida tashkil etildi. Ishtirokchilar AI asosidagi zamonaviy texnologiyalar, ularning biznesdagi qo‘llanilishi va amaliy jihatlari haqida qimmatli bilimlarga ega bo‘ldilar.






