14-fevral - shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, isteʼdodli sarkarda va boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shoh Bobur tavallud topgan kun
2026-02-14 / Voqealar taqvimi

“Jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyoda ma’lum va mashhurdir. Uning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega”
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Bobur (taxallusi) toʻliq ismi - Zahiriddi Muhammad ibn Umarshayx Mirzo. U 1483-yil 14-fevral, 1530-yil 31-dekabr) — oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, isteʼdodli sarkarda va boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shoh boʻlgan. Amir Temurning pannevarasi boʻlgan. Bobur oʻz davrining buyuk shaxslaridan biri edi. Uning sheʼrlari, ruboiylari oʻz vaqtida va hozir ham sevib oʻqilmoqda. 6 ta zavjasi boʻlib, Bibi Muboraka, Mohimbegim, Zaynab Sulton Begim, Oysha Sulton Begim, Maʼsuma Sulton Begim va Soliha Sulton Begim.
Boburning otasi – Umarshayx Mirzo Fargʻona viloyati hokimi, onasi – Qutlugʻ Nigorxonim Moʻgʻuliston xoni, Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi. Bobur ota tomondan Amir Temurning uchinchi oʻgʻli Mironshoh Mirzo naslidan boʻlsa, ona tomonidan Tugʻluq Temurxonning oʻgʻli Xizr Xo‘jaxon naslidan edi uning yettinchi avlodi edi.
Boburning onasi oʻqimishli boʻlgan va oqila ayol boʻlib, Boburga hokimiyatni boshqarish ishlarida faol koʻmak bergan, harbiy yurishlarida unga hamrohlik qilgan. Umarshayx Mirzo xonadoni poytaxt Andijonning arki ichida yashar edi. Hokim yoz oylari Sirdaryo boʻyida, Axsida, yilning qolgan faslini Andijonda oʻtkazardi. Boburning yoshligi Andijonda oʻtgan. Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozil-u ulamolar ustozligida harbiy taʼlim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini oʻrganadi, koʻplab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qiladi, ilm-fanga, sheʼriyatga qiziqa boshlaydi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan „Bobur“ („Sher“) laqabini oladi.
Bobur otasi yoʻlidan borib, mashhur soʻfiy – Xoja Ahrorga ixlos qoʻyadi va uning tariqati ruhida voyaga yetadi, umrining oxiriga qadar shu eʼtiqodga sodiq qoladi. Keyinchalik, „Boburnoma“ asarida Bobur Xoja Ahror ruhi bir necha bor uni muqarrar halokatdan, xastalik va chorasizlikdan xalos etganini, eng ogʻir sharoitlarda rahnamolik qilganligini taʼkidlaydi. Otasi Axsida bevaqt, 39 yoshida fojiali halok boʻlgach, oilaning katta farzandi, 12 yoshli Bobur valiahd sifatida taxtga oʻtiradi (1494-yil iyun).
Boburning harbiy yurishlari
Boburning dastlabki siyosiy maqsadi Amir Temur davlatining poytaxti, strategik va geografik jihatdan muhim boʻlgan Samarqandni egallash va Movarounnahrda markazlashgan kuchli davlatni saqlash, mustahkamlash hamda Amir Temur saltanatini qayta tiklashdan iborat edi.
Bobur 1500-yil kech kuzida oʻz qoʻshini (240 kishi) bilan Samarqandga yetib kelgach, aholi unga peshvoz chiqib, shahar darvozalarini ochib beradi. Shayboniyxonning shahar himoyasi uchun qoldirgan 600 nafar askari qirib tashlanadi. Shayboniyxon Buxoroga chekinadi. Qisqa vaqt ichida Samarqandning barcha tumanlari, Qarshi va Gʻuzor shaharlarida Bobur hokimligi eʼtirof etiladi, ammo shaharda oziq-ovqat zaxiralari tugab, ocharchilik boshlangan edi. Bundan xabar topgan Shayboniyxon katta kuch toʻplab, yana Samarqandga yurish boshlaydi. 1501-yil aprelda Zarafshon boʻyidagi Saripul qishlogʻi yaqinida boʻlgan jangda Bobur qoʻshinlari yengiladi. Bobur Samarqandga chekinadi. Shahar yana qamal qilinib, u toʻrt oy davom etadi. Qamalda qolgan shahar aholisining ochlikdan tinkasi quriydi, Bobur 1501-yilning 2-yarmida noilojlikdan Samarqandni tark etib, Toshkentga, Mahmudxon huzuriga yoʻl oladi.
1503-yil Toshkent xoni Mahmudxon, Bobur va qalmoqlarning birlashgan qoʻshini Shayboniyxon tomonidan Sirdaryo boʻyida tormor qilinadi. Bobur Samarqand taxti uchun kurashayotgan paytda Andijonni Sulton Ahmad Tanbal egallab oladi. 1501–1504-yillarda Bobur Fargʻona mulkini qaytarib olish uchun Sulton Ahmad Tanbal, Jahongir mirzolarga qarshi olib borgan kurashi muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Temuriylarning toʻxtovsiz janglari va ogʻir soliqlaridan toliqqan xalq Boburni qoʻllamadi va u Movarounnahrni tark etishga (1504-yil iyun) majbur bo‘ladi.
Bobur 200-300 kishilik navkari bilan Hisor togʻlari orqali Afgʻonistonga oʻtadi va u yerdagi ichki nizolardan foydalanib Gʻazni va Kobulni egallaydi.
1507-yil boshlarida Bobur Hindistonga yurish boshlaydi, ammo bu urinishi muvaffaqiyatsiz tugab, yana poytaxt Kobulga qaytadi.
Bobur Movarounnahr va Xurosondagi siyosiy vaziyat va urush harakatlarini kuzatib boradi, oʻz qoʻshinlarini doimo shay tutadi. Shayboniyxon Xurosonning yirik markazlarini qoʻlga kiritgach, Eronni zabt etish uchun yurish boshlaydi, ammo Eron shohi Ismoil Safaviy bilan qattiq toʻqnashuvda (1510-yil) yengiladi, oʻzi ham Marvda halok boʻladi. Shoh Ismoil Xuroson va Movarounnahrga qoʻshin kiritib shayboniylarga ketma-ket zarar yetkaza boshlaydi. Bobur shoh Ismoil bilan harbiy-siyosiy ittifoq tuzib, 1511-yil bahorida Hisorni, yozida Buxoroni, oktabr boshida esa Samarqandni yana qoʻlga kiritadi. Boburning shia yoinaldshiagi eroniylar raʼyi bilan ish tutishi aholida norozilik tugʻdiradi. 1512-yil 28-aprelda Koʻli malik jangida Ubaydulla Sulton boshliq shayboniylardan yengilgan Bobur Hisor tomon ketadi. 1512-yil kuzida Bobur shoh Ismoil yuborgan Najmi Soniy laqabli lashkarboshi bilan Balxda uchrashib, Amudaryodan kechib oʻtib, avval Huzar (Gʻuzor) qalʼasini oladi, soʻng Qarshiga yurish qiladi, shahar uzoq muddatli qamaldan soʻng taslim boʻladi, shahar himoyachilari qattiq jazolanadi. 1512-yil 24-noyabrda Gʻijduvon jangida Bobur shayboniylardan yana yengilib, Kobulga qaytishga majbur boʻladi. Bobur Movarounnahrni egallash ilinjidan uzil-kesil umidini uzadi va butun eʼtiborini Hindistonga qaratadi.
1519-yil bahoriga kelib Bobur Hindistonni zabt etish rejalarini amalga oshirishga kirishadi va keyingi 5-6 yil davomida bir necha yurishlar uyushtiradi.
Oʻzbek sultonlari Hamza sulton, Mahdi sulton, Mamaq sulton Bobur qabulida
Nihoyat, 1525-yilda Bobur 12 ming qoʻshin bilan Hindistonga yurish boshladi .1526-yil aprelda Panipatda asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Loʻdiyning yuz ming kishilik qoʻshinini 12 minglik askari bilan tor-mor qiladi hamda Dehlini egallaydi.
Oradan koʻp oʻtmay, ikkinchi yirik hind sarkardasi Rano Sango ustidan ham zafar qozonib, Shimoliy Hindistonning Bengaliyagacha boʻlgan qismini oʻziga boʻysundiradi.
Agrani oʻziga poytaxt sifatida tanlagan Bobur katta qurilish va obodonchilik ishlarini boshlab yuboradi. Shu tariqa Bobur Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukm surgan qudratli boburiylar sulolasiga asos soladi.
Boburning ijodi
Bobur 18-19 yoshlarida ruboiy va gʻazallar yoza boshlagan. Uning „Topmadim“ radifli gʻazali va „Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi“ misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysi oʻsha yillardagi hayoti bilan bogʻliq.
Boburning ulkan sanʼatkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga koʻtara oladi va natijada asarlarida olgʻa surilgan gʻoyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga koʻtariladi. Bobur ijodida, xususan, sheʼriyatida kindik qoni toʻkilgan ona yurtini dildildan qoʻmsash, uning tuprogʻiga talpinish, gʻariblik azoblaridan oʻtli hasrat, yor-u diyor sogʻinchi va visol ilinji, takdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosoʻzliklaridan nola badiiy tahlil etiladi.
Bobur ijodida ishq-muhabbat, sevgi-sadoqat, visol va hijron mavzusi ham salmoqli oʻrin tutadi. Uning gʻazal va ruboiylarida, tuyuq va masnaviylarida maʼshuqaning maftunkor goʻzalligi, beqiyos husn-u latofati, sharqona odob-u axloqi, noz-u karashmasi yengil va oʻynoqi, musiqiy va ravon misralarda katta mahorat bilan tarannum etiladi.
Boburning uz sheʼriy asarlarini toʻplab, devon holiga keltirgan sanani koʻrsatuvchi aniq tarixiy maʼlumotlar maʼlum emas. Ammo „Boburnoma“ning 1518-1519-yillar voqealari bayoniga bagʻishlangan faslida Bobur devonini Kobuldan Samarqandga yuborganligi toʻgʻrisida soʻz boradi. Demak, shu yillarda uning devoniga tartib berilgan va mazkur devon Movarounnahrda ham tarqalgan.
Hozirda uning 119 gʻazali, bir masnu sheʼri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qitʼalari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham oʻrin olgan.
Bobur 47 yoshida oʻzi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etdi va oʻsha yerda dafn etildi, keyinchalik (1539-yil), vasiyatiga muvofiq xoki Kobulga keltirilib, oʻzi bunyod ettirgan „Bogʻi Bobur“ga qoʻyildi.
Bobur haqida
“…U turli fazilatlar bilan bezangan va maqtovli xislatlarga ega bo‘lgan bir podshoh edi. Ushbu barcha fazilatlaridan shijoat va muruvvati ustun turardi. Turkiy she’rni Amir Alisherdan keyin hech kim Bobur yozgan darajada yozgan emas”.
Mirzo Muhammad Haydar. “Tarixi Rashidiy”dan.
“Bobur dilbar shaxs edi. Uyg‘onish davrining ajoyib sultoni, kuchli, tadbirkor kishi bo‘lib, san’atni, adabiyotni, go‘zallikni sevardi”.
Javoharla’l Neru. “Hindistonning kashf etilishi” kitobidan.
“Bobur fe’li-sajiyasiga ko‘ra sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan”.
Eduard Xolden, ingliz tarixchisi.
“Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi”.
Uilyam Erskin, “Boburnoma” tarjimoni.
Bobur ijodidan namunalar
Keltursa yuz baloni oʼshal bevafo manga,
Kelsun, agar yuzumni evursam, balo manga.
Netkaymen, ul rafiq bilakim, qilur base –
Mehru vafo – raqibgʼa, javru jafo – manga?
Begona boʼlsa aql meni telbadin, ne tong,
Chun boʼldi ul pari sifatim oshno manga.
Ohu yoshimdin ortadurur zaʼf, ey tabib,
Bildim yarashmas emdi bu obu havo manga.
Dardim koʼrub muʼolajada zoye' etma umr
Kim, jonda dardi ishqdurur bedavo manga.
To yor kimni istaru koʼnglina kim yoqar,
Tashvish bejihatdurur oxir sango, manga.
Bobur, boʼlubturur ikki koʼzum yoʼlida toʼrt,
Kelsa ne boʼldi qoshima bir-bir mango-manga.
*****
Shohim sanga ma’lum emastur, ne qilay,
Ohim sanga ma’lum emastur, ne qilay?
Men yuz, qoshing dermen-u sen — badr-u hilol,
Mohim, sanga ma’lum emastur ne qilay?
*****
Sen gulsen-u men haqir bulbuldurmen,
Sen shu’lasen-u ul shu’lag’a men kuldurmen.
Nisbat yo‘qtur deb ijtinob aylamakim,
Shahmen elga, vale sanga quldurmen.
*****
Har kimki, vafo qilsa — vafo topqusidur!
Har kimki, jafo qilsa — jafo topqusidur!
Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlik hargiz,
Har kimki, yomon bo‘lsa — jazo topqusidur!
*****
Sen gulsenu men haqir bulbuldirmen,
Sen shu’lasen, ul shu’lag‘a men kuldirmen.
Nisbat yo‘qdur, deb ijtinob aylamakim,
Shohmen elga, vale senga quldurmen.
