9-fevral - buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy tavallud topgan kun
2025-02-09 / Voqealar taqvimi

Alisher Navoiy (taxallusi; asl ismi Nizomiddin Mir Alisher) (1441.9.2. — Hirot — 1501.3.1) — buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi.
Alisher Navoiyning ota tomondan bobosi Amir Temurning Umar Shayx ismli o‘g‘li bilan ko‘kaldosh (emikdosh) bo‘lib, keyinchalik Umar Shayx va Shohruxning xizmatida bo‘lgan. Otasi G‘iyosiddin Bahodir esa Abulqosim Boburning yaqinlaridan; mamlakatni idora etishda ishtirok etgan. Onasi (ismi noma’lum) Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi.
Alisher Navoiyning bolaligi Shohrux hukmronligining so‘nggi yillariga to‘g‘ri kelgan. U temuriyzodalar, xususan bo‘lajak podshoh Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan. 4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi she’rlarni o‘qib, yod ola boshlagan. O‘zbek tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham mukammal egallagan.
Alisher Navoiy she’riyatga g‘oyat qiziqdi, Sharq adabiyotini qunt bilan o‘rgandi. Oila muhiti bolaligidayoq unda adabiyotga zo‘r havas tug‘dirgan edi. Tog‘alari Mirsaid — Kobuliy, Muhammad Ali — G‘aribiy yetuk shoir edilar. Alisher Navoiylar uyida shoirlar tez-tez to‘planishib, mushoira qilishar, adabiyot va san’at haqida suhbatlashar edilar.
Alisher Navoiy 10-12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher Navoiyning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy, uning:
Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh
matla’li g‘azalini tinglab: «Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim…» degan. Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. She’rlarini turkiy (Navoiy taxallusi bilan) va forsiy (Foniy taxallusi bilan) tillarida yozgan.
Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga oʻtirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi, muhrdorlik (1469-yilda) mansabiga, vazirlik (1472-yilda) va Astrobod hokimligi (1487-yilda) lavozimiga tayinlanadi. 1480–1500-yillar mobaynida oʻz mablagʻlari hisobidan bir necha madrasa, 40 rabot (safardagi yoʻlovchilar toʻxtab oʻtish joyi), 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 koʻprik, 20 ta hovuz qurdiradi. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga „muqarrabi hazrati sultoniy“ („sulton hazratlarining eng yaqin kishisi“) degan unvonni beradi. Unga koʻra Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi.
Alisher Navoiy tarjimai holi oʻz davrida Xondamir, Vosifiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabi tarixchi va davlat arboblarining asarlarida aks etgan.
Alisher Navoiy sheʼrni, shoirlikni hamma narsadan baland tutdi. Vazirlik martabasida turib ham sheʼr yozishni toʻxtatmadi. Atrofidagilar uning bu ishiga ragʻbat va hurmat bilan qaradilar. Shoh Husayn Bayqaroning oʻzi unga rahnamolik qildi. Ulugʻ shoirning ilk sheʼriy devonini muxlislari tuzgan boʻlsalar, birinchi devoni — „Badoye ul-bidoya“ („Badiiylik ibtidosi“)ni 1472–1476-yillarda shohning amri va istagiga koʻra oʻzi kitob qildi. 1485–1486-yillarda ikkinchi devon — „Navodir un-nihoya“(„Nihoyasiz nodirliklar“) maydonga keldi. Alisher Navoiy 1481–1482-yillarda „Vaqfiya“ asarini yozadi. Vaqf deb biror xayrli ishning sarf-u xarajatini taʼmin qilmoq uchun ajratilgan yer yoki mulkka aytiladi. Alisher Navoiyning eng katta orzusi doston yozish, birinchi navbatda, XII asrning buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviy (1141–1209) dan keyin shoirlik qudtarining mezoniga aylanib qolgan „Xamsa“ yaratish edi. Nizomiyning „Panj ganj“ nomi bilan tarixga kirgan „Xamsa“si 5 masnaviydan tashkil topgan edi: „Maxzan ul-asror“(„Sirlar xazinas“), „Xusrav va Shirin“, „Layli va Majnun“, „Hayf paykar“(„Yetti goʻzal“), „Iskandarnoma“. Yuz yildan keyin unga Xusrav Dehlaviy (1253–1325) javob qildi. U oʻz dostonlarini „Matla ul-anvor“ („Nurlar boshlanishi“), „Shirin va Xusrav“, „Majnun va Layli“, „Hasht behisht“(„Sakkiz jannat“), „Oynayi Iskandariy“ (Iskandar oyinasi) deb ataladi. Lekin bular hammasi forsiy tilda yozildi. Ulardan forslar, shu tilni bilganlargina bahramand boʻldilar. Oʻz xalqining shunday hazinadan bebahra qolishi Navoiyni qiynadi.
Navoiy maslahatga ustozi Abdurahmon Jomiy huzuriga boradi. Jomiy Navoiyni bu ishga tezlikda kirishishga undaydi, uning oʻz kuchi va imkoniyatlariga ishonchini mustahkamlaydi. Navoiy besh dostonni ikki yilda tamomlaydi. 1483-yilda oʻz „Xamsa“sini yoza boshlab, 1485-yilning boshida yugatadi. Shoir ishlagan kunlar hisobga olinsa, 54 ming misralik ulkan obida 6 oyda bitkaziladi. Turkiy tilda birinchi marotaba „Xamsa“ yaratiladi. Olimu fuzalo — barcha bu hodisani zoʻr olqish bilan kutib oldilar. Zayniddin Vosifiyning „Badoyeʼ ul-vaqoe“sidan: "Shoh Navoiyga: „Bir mojaro Siz bilan bizning oramizdan koʻpdan hal boʻlmay keladi, shuni bugun bir yoqlik qilaylik“, deydi. Bu mojaro shundan iborat ediki, Sulton Husayn Alisherning muridi boʻlishini koʻpdan orzu qilar va uni „pirim“ deb atar edi.
1480–1490-yillar Navoiy uchun badiiy ijodda samarali davr boʻldi. Shoir „Xamsa“ dan keyin koʻp oʻtmay, ketma-ket nasriy kitoblar yaratdi. U 1488-yilda yozgan „Tarixi mulki ajam“ („Ajam shohlar tarixi“) shularning biri edi. Bu asar „Muhokamat ul-lugʻatayn“da „Zubdat ut-tavoxir“(„Tarixlar qaymogʻi“) deb ham ataladi. 1480-yillarning oxiri, 1490-yillarning boshida Navoiyning yaqin doʻstlari, ustozlaridan Sayyid Hasan Ardasher (1489), Abdurahmon Jomiy (1492), Pahlavon Muhammad (1493) ketma-ket vafot etdilar. Navoiy ularga bagʻishlab „Holoti Sayyid Hasan Ardasher“, „Xamsat ul-mutahayyirin“, „Holoti Pahlavon Muhammad“ asarlarini yozadi. Bu asarlar nasriy boʻlib, shoirning bu ulugʻ zamondoshlari haqidagi memuar xotiralaridan tashkil topgan edi. 1491-yilda muammo janriga bagʻishlangan „Risolayi muammo“ (ikkinchi nomi „Mufradot“) risolasini yozi. Navoiy zamonasida muammo janri keng tarqalgan boʻlsa — da, asosan, fors tilida yozilar edi. Navoiy oʻzbek tilida muammo yozgan ilk oʻzbek shoirlaridan boʻldi. „Xazoyin ul-maoniy“ga uning 52 muamosi kiritilgan. Shoirning fors tilidagi muammolarini esa 500 chamalaydilar. Navoiyning 1490-yillardagi eng katta xizmatlaridan biri „Xazoin ul maoniy“ („Maʼnolar xazinasi“)ni tuzish boʻldi. 1492–1498-yillarda tartib qilingan 4 qism devondan iborat bu ulkan sheʼriy kulliyot shoirning turkiy tilda yozilgan deyarli barcha lirik sheʼrlarini qamrab olgan edi. Shoir 7-8 yoshidan 20 yoshigacha boʻlgan davrni umrining navbahori hisobladi va shu davr devonini „Gʻaroyib us-sigʻar“(„Yoshlik gʻaroyibotlari“) deb atadi.
1498-yilda Alisher Navoiy „Majolis un–nafois“ni qayta koʻzdan kechirib, toʻldirdi. Shoirlar adadni 459 taga yetkazdi. Shu yili yoshligidan qalbida muhirlanib kelgan „Mantiq ut–tayr“ ga javob yozadi. „Lison ut-tayr“ Navoiy ijodini yakunlovchi asarlardan biridir. Buyuk shoir 1498–1499-yillarda xatlarini toʻplab, „Munshaot“ tuzdi. Unda 88 ta xat jamlangan boʻlib, ularning aksariyati shoirning shoh va shahzodalarga yoʻllangan. Shoirning 1500-yilning oxirlarida yozib tugatgan „Mahbub ul–qulub“ asari uning eng soʻnggi asari boʻlib qoldi. Navoiy 1501-yilning 3-yanvarida vafot etadi. Butun xalq — shohda gadogacha, olimdan choʻpongacha, shoirdan dehqongacha ulugʻ farzandining oʻlimiga qaygʻu va iztirob bilan motam tutadi.
Har yili 9-fevral - Navoiy tavallud topgan kun respublika bo‘ylab keng miqyosda nishonlanadi.
O‘zbekistonning har bir burchagida Navoiy nomi bilan nomlangan maskanlar va manzillar bor. Jumladan: bir viloyat (Navoiy viloyati), shahar, (Navoiy shahri), oliy o‘quv yurti (Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti instituti), O‘zbekiston milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Adabiyot muzeyi, Toshkentdagi Katta akademik opera va balet teatri, San’at saroyi, Toshkentdagi metro bekati, o‘nlab ko‘chalar va jamoa xo‘jaliklariga Alisher Navoiy nomi berilgan. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti hamda talabalar uchun davlat stipendiyasi ham mavjud.
Respublika hududlaridan tashqari Alisher Navoiy haykallari dunyoning Moskva, Minsk, Vashington, Tokio, Boku, Dushanbe, Seul kabi shaharlarida o‘rnatilgan.
Alisher Navoiy hikmatlaridan
Tilga ixtiyorsiz — elga e’tiborsiz.
Odam — tili bilan boshqa hayvonlardan imtiyozlidir. Uning tili orqali boshqa odamlardan afzalligi bilinadi. Til — shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. Agar nutq noma’qul bo‘lib chiqsa — tilning ofatidir.
Kimki, yolg‘on so‘zni birovga to‘nkagay, o‘z qora yuzini yog‘ga bulaydi. Ozgina yolg‘on ham ulug‘ gunohdir; ozgina zahar ham halok qiluvchidir.
Naf’ing agar xalqqa beshakdurur
Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur.
Odami ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
Onalar oyog‘i ostidadur
Ravzayi jannatu jinon bog‘i.
Ravza bog‘i visolin istar esang,
Bo‘l onaning oyog‘in tuprog‘i.
Yigitlikda yig‘ ilmning maxzani,
Qarilik chog‘i sarf qilg‘il ani.
