“Huawei ICT Competition 2024-2025” mintaqaviy finalida o‘zbekistonlik talabalar taqdirlandi
2024-12-20 10:50:00 / Vazirlik yangiliklari
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida “Huawei ICT Competition 2024-2025” AKT bo‘yicha mintaqaviy tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu taqdirlash marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov qatnashdi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) va Toshkent shahridagi Inha universitetining 6 nafar talabasi “Huawei ICT Academy”ning 10-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan final bosqichi va tadbirlarida ishtirok etishdi.
“Huawei ICT Competition 2024-2025” AKT tanlovining final bosqichida TATUning 3 nafar talabasi tomonidan taqdim etilgan “Sahiya” loyihasi 1-o‘rinni egalladi va hakamlar hay’ati tomonidan raqamli inklyuziyadagi innovatsiyalar uchun taqdirlandi.
Loyiha eshitish va nutqida nuqsoni boʻlgan shaxslar uchun imo-ishora tilini raqamlashtirish va imo-ishora tilini boshqa tillarga onlayn tarjima qilish uchun ishlab chiqilgan ilovadir. Yechim sunʼiy intellekt modeli va bulutli yechimlar asosida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, tanlovning amaliyot bellashuvida ishtirok etgan TATU va Inha universiteti talabalaridan iborat jamoa 3-o‘rinni egallab, mukofotlandi.
Marosimda TATU o‘qituvchisi Azamat Qodirov “Outstanding new instructor” nominatsiyasida “Huawei ICT Academy”ning 50 dan ortiq talabalarini o‘qitgani, HCIA xalqaro sertifikatini olganligi va Akademiyaning universitetdagi AKT faoliyatining ajoyib natijalari uchun mukofotlandi.
Ma'lumot uchun: Huawei kompaniyasi va YUNESKOning ta’lim sohasidagi axborot texnologiyalari instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tanlovda O‘zbekistondan 520 nafar talaba ro‘yxatdan o‘tgan edi. Unda g‘olib bo‘lgan talabalar final yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, taqdirlash marosimida ishtirok etish uchun Ar-Riyod shahriga yo‘llanma olgan edi.