IT Park Ventures venchur jamg‘armasining rasmiy ishga tushirilishini o‘tkazib yubormang
2024-12-05 12:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Digital Startups Week doirasida IT Park Uzbekistan 10 million AQSh dollariga ega venchur jamg‘armasi — IT Park Ventures'ning rasmiy ishga tushirilishini mamnuniyat bilan e’lon qiladi. Ushbu jamg‘arma dastlabki bosqichdagi startaplarga innovatsiya va o‘sishni ta’minlash uchun moliyaviy resurslar va strategik qo‘llab-quvvatlashni taklif etishga bag‘ishlangan.
IT Park Ventures startaplar uchun qanaqa foyda olib keladi?
To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar: Jamg‘arma istiqbolli dastlabki bosqichdagi startaplarga moliyaviy yordam ko‘rsatib, ularning o‘sish va muhim bosqichlarga erishishiga yordam beradi.
Imtiyozli kreditlar: Startaplar 300 million so‘mgacha bo‘lgan moliyaviy kreditlarni raqobatbardosh shartlarda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Global bozorga chiqish: Jamg‘arma startaplarni yangi bozorlarni o‘rganish va global miqyosda raqobatlashish uchun zarur bo‘lgan vositalar va tajribalar bilan ta’minlaydi.
Kompleks qo‘llab-quvvatlash: Moliyalashtirishdan tashqari, startaplar uzoq muddatli o‘sish va muvaffaqiyatga erishish uchun huquqiy maslahat, mentorlik va boshqa maxsus resurslarni olishadi.
Ushbu tashabbus mahalliy startaplar jalb qiladigan xorijiy investitsiyalarni ikki baravar oshirishni, shu bilan birga, O‘zbekiston bo‘ylab texnologik taraqqiyot va iqtisodiy o‘sishni tezlashtirishni maqsad qilgan.
IT Park Ventures O‘zbekistonning startap ekotizimini rivojlantirishda muhim omil bo‘lishi kutilmoqda, global e’tiborni jalb qiladi va yosh tadbirkorlarni innovatsion yechimlar yaratishga ilhomlantiradi.
Sana: 7-dekabr, 9:30 - 13:20
Joy: Raqamli texnologiyalar vazirligi, Kongress zali
Bu tarixiy voqeaning bir qismi bo‘lish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang! https://outsource.gov.uz/en/events/digital-startups-week
