Toshkentda Women in Tech Global Awards mukofoti doirasida mintaqaviy CCA Awards taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
2024-10-25 14:35:00 / Vazirlik yangiliklari
Tadbir O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gruziya, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlardan IT sohasi yetakchilari, startap asoschilari va innovatorlarni bir joyga to‘pladi.
Marosimda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova, Women in Tech Global asoschisi va bosh direktori Ayumi Mur Aoki va Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan delegatsiyalar ishtirok etdi
Ushbu mukofot texnologiyalar va STEAM (fan, texnologiya, muhandislik, san’at, matematika) sohalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan xotin-qizlarni taqdirlaydi. Mukofot nafaqat muvaffaqiyatga erishgan ayollarni e’tirof etadi, balki yosh avlod qizlarini ham IT va texnologiyalar sohasida karyera qilishga ilhomlantiradi.
Bu yilgi CCA Awards uchun mintaqadagi barcha davlatlardan arizalar kelib tushdi. 45 nomzod final bosqichiga chiqdi va ularning 9 nafari hakamlar hay'ati qaroriga ko‘ra eng yaxshilar sifatida e’tirof etildi.
G‘oliblar:
- Aziza Nematova, O‘zbekiston, Apprentice, Cyber Security Club Uzbekistan, ASPIRING TEEN toifasida;
- Nazeli Ter-Petrosyan, Armaniston, AI Researcher, Founding Member & AI Developer, WOMAN IN WEB3;
- Rada Islomova, Qozog‘iston, CEO Wonder Women, BEST ALLY;
- Kamila Daminova, O‘zbekiston, General Director, LLC "HEAL" - Health Care, MOST IMPACTFUL INITIATIVE;
- Laman Aliyeva, Ozarbayjon, Co-Founder, Artificial Intelligence HUB, MOST DISRUPTIVE;
- Salome Kukava, Gruziya, Founder & CEO, Globalize, TECH DIPLOMACY;
- Assel Seyfullina, Qozog‘iston, Founder, Global Green Hub, GREENTECH STARTUP;
- Nigora Dadaeva, O‘zbekiston, Director, Founder, MedTech AI Solutions, LIFETIME ACHIEVEMENT;
- Dinara Kozhamjarova, Qozog‘iston, Co-Founder, CTO, Qabi Tech, GLOBAL LEADERSHIP.
“Texnologiyalar dunyosi cheksiz va eng muhimi, teng imkoniyatlar eshigini ochadi. O‘zbekiston bilan hamkorlik ushbu sohada innovatsiyalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi. Women in Tech tashkilotining faoliyati O‘zbekistonda texnologiya sohasidagi gender muvozanatini bartaraf etish borasidagi sa’y-harakatlarga yordamchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Biz ayollarning texnologiyalar orqali dunyoni yaxshilashda erishayotgan ajoyib natijalarini e’tirof etganimizdan faxrlanamiz. Bu nafaqat ularning shaxsiy g‘alabasi, balki IT sohasida tenglik va xilma-xillikka erishish yo‘lida muhim qadamlardan biridir” - dedi Ayumi Mur Aoki.
Women in Tech haqida:
Women in Tech – bu 2017-yilda tashkil etilgan global tashkilot bo‘lib, uning maqsadi ayollarning texnologiyalardagi ishtirokini kengaytirishdir. Tashkilot dunyo bo‘ylab 56 dan ortiq mamlakatlarda 250 mingdan ortiq ishtirokchilarni birlashtiradi. Ushbu tashkilotning bosh ofisi Fransiyada joylashgan. UN Women bilan doimiy hamkorlik qilib keladi. Women in Tech Global asoschisi va bosh direktori Ayumi Mur Aoki dunyoning 100 yetakchi ayollari ro‘yxatiga kiradi.