Uzcosmos va STAR.VISION o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2026-10-07 19:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Memorandumni imzolash marosimida Uzcosmos agentligi direktori Shuhrat Kadirov hamda STAR.VISION kompaniyasining Guruh bosh ijro direktori Danying Fan ishtirok etdi.
Mazkur hujjat STAR.VISION kompaniyasining “Giperspektral ma’lumotlar bo‘yicha strategik hamkorlik va “Early Bird” dasturi doirasida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. Unga ko‘ra, “Samarkand 2028” yuqori samaradorlikka ega giperspektral sun’iy yo‘ldoshi orqali olinadigan ma’lumotlardan foydalangan holda amaliy yechimlarni baholash va ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Hamkorlik doirasida giperspektral sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanishga asoslangan amaliy yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish va ularning samaradorligini baholash, shuningdek, ishlab chiqilgan yechimlarni kelgusida tijoratlashtirish imkoniyatlarini o‘rganish nazarda tutilgan.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda kosmik texnologiyalar va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

