Samarqanddagi “Samled” MChJ faoliyati bilan tanishildi
2026-10-03 13:20:00 / Vazirlik yangiliklari

“Samled” MChJ zamonaviy kuzatuv kameralari, FaceID texnologiyasiga ega turniketlar, kompyuter qurilmalarini yig‘ish va ularning dasturiy ta’minotini mahalliylashtirish, shuningdek, yoqilg‘i quyish shoxobchalarini raqamlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
Tashrif davomida korxona rahbari Jamshed Sattarov “Samled”ning rivojlanish bosqichlari va erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi.
Faoliyatini ovoz kuchaytirgichlar ishlab chiqarishdan boshlagan korxona bugungi kunda “Samvision” brendi ostida zamonaviy kuzatuv kameralarini ishlab chiqarmoqda. Mazkur kameralarning dasturiy ta’minoti samarqandlik mahalliy dasturchilar tomonidan yaratilgani mahsulot tannarxini analoglarga nisbatan 30 foizgacha kamaytirish imkonini bermoqda.
Korxonada FaceID texnologiyasi asosida ishlovchi aqlli turniketlar ham ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, kompyuter qurilmalarini to‘liq mahalliylashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Sherzod Shermatov tashrif davomida, korxona faoliyatini izchil rivojlantirish, nafaqat ichki bozorni ta’minlash, balki mahsulot va dasturiy yechimlarni xorijiy bozorlarga eksport qilish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, mahalliy AT-apparat va dasturiy yechimlarni rivojlantirish, ishlab chiqarishni kengaytirish hamda texnologik mustaqillikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.


