TATUda xalqaro talabalar uchun zamonaviy “International Campus” foydalanishga topshirildi
2026-10-02 20:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida xalqaro talabalar uchun mo‘ljallangan yangi “International Campus”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Zamonaviy talabalar kampusi xorijiy talabalar uchun ta’lim olish, yashash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish hamda turli madaniyatlar bilan yaqindan tanishish uchun qulay sharoitlarni yaratishga qaratilgan.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, soha korxonalari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“International Campus” jami 42 ta xonadan iborat bo‘lib, 128 nafar talabani joylashtirish imkoniyatiga ega. Kampusda talabalarning yashashi va kundalik faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Xususan, kampus yuqori tezlikdagi Wi-Fi tarmog‘i, maishiy texnika vositalari, bosma xizmatlardan foydalanish imkonini beruvchi print zona, shuningdek, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishga mo‘ljallangan sport va o‘yin avtomatlari bilan jihozlangan.
Kampusda milliy va xorijiy adabiyotlar jamlangan maxsus hudud tashkil etilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning kechagi va bugungi tarixini aks ettiruvchi xarita hamda milliy va xorijiy madaniyatlarni namoyon etuvchi tematik burchaklar joylashtirilgan.
Mazkur hududlar xorijiy talabalarni O‘zbekiston tarixi, madaniyati va an’analari bilan yaqindan tanishtirish, shu bilan birga, turli mamlakatlar vakillari o‘rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Talabalarning qiziqishlari va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida kampusda turli to‘garaklar va qo‘shimcha faoliyatlar uchun ham imkoniyatlar yaratilgan.
“International Campus”ning tashkil etilishi TATUda tahsil olayotgan xorijiy talabalar uchun zamonaviy va qulay yashash muhitini yaratish bilan birga, universitetning xalqaro ta’lim makonidagi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.





