KS JOB INC. bilan BPO loyihalari uchun mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha memorandum imzolandi
2026-09-19 11:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Koreyada Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov va IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov Janubiy Koreyaning KS JOB INC. kompaniyasi bosh direktori Daegun Hur bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar KS JOB INC. kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish, koreys tilini biladigan mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, AICC (AI Contact Center) va BPO yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Kompaniya sentabr oyida Toshkentda BPO sohasida ishlash uchun mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan koreys tilini o‘qitish markazi ishga tushirilganini ma’lum qildi. KS JOB INC. shuningdek, Koreya Respublikasi mijozlari uchun AICC va BPO loyihalarini amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonda tayyorlangan, koreys tilini biladigan kadrlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar mutaxassislar tayyorlash sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi Anglashuv memorandumini (MoU) imzoladilar.
Bundan tashqari, tomonlar KS JOB INC. kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini yanada rivojlantirish uchun "Zero Risk" dasturidan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, autsorsing sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Kompaniya faoliyatini kengaytirish va koreys tilini biladigan mutaxassislarni tayyorlash O‘zbekistonga xalqaro BPO loyihalarini jalb qilish hamda eksportga yo‘naltirilgan xizmatlar sohasida mahalliy mutaxassislarni ishga joylashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.
KS JOB INC. — 1998-yilda tashkil etilgan bo‘lib, BPO va mijozlarga xizmat ko‘rsatish autsorsingiga ixtisoslashgan Janubiy Koreya kompaniyasidir. Kompaniya 120 dan ortiq korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatadi va aloqa markazlari uchun texnologik yechimlarni, jumladan, sun’iy intellektga asoslangan tizimlar, nutqni aniqlash texnologiyalari va bulutli CRM-platformalarini ishlab chiqadi.
KS JOB INC. O‘zbekistonda o‘z faoliyatini rivojlantirmoqda va mamlakatni kadrlar tayyorlash hamda xalqaro BPO loyihalarini amalga oshirish uchun qulay maydon sifatida ko‘rmoqda.



