Koreyaning Milliy axborot jamiyati agentligi bilan raqamli hukumat hamda Sun’iy intellekt ma’lumotlar markazi sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
2026-09-18 20:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Koreya Respublikasida Raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Jamol Maxsudov hamda IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekistonda elektron hukumat, ma’lumotlar infratuzilmasi va davlat xizmatlarini raqamli transformatsiya qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Sun’iy intellektga asoslangan yechimlar uchun ma’lumotlar platformasi bo‘lgan AI Data Hub’ni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tomonlar sun’iy intellekt modellarini o‘qitish uchun ma’lumotlar to‘plamlarini shakllantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar AI Data Hub loyihasi doirasida hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlarini ishlab chiqishni davom ettirishga, jumladan, bunday platformalarni yaratish va rivojlantirish, ma’lumotlar to‘plamlarini tayyorlash va zarur infratuzilmani shakllantirish masalalarida NIA tajribasi va ekspertizasini almashishga kelishib oldilar.
Shuningdek, O‘zbekistonda loyihani amalga oshirishda NIA tomonidan ko‘rsatiladigan ekspertlik yordami formati va hajmini batafsil ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) – Koreya Respublikasining raqamli transformatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashgan davlat agentligi bo‘lib, 1987-yilda tashkil etilgan. Tashkilot sun’iy intellekt, raqamli hukumat, ma’lumotlar, AKT infratuzilmasi va raqamli ta’lim sohalarida loyihalarni amalga oshiradi.
2025-yilda NIA AI Hub platformasi orqali sun’iy intellekt modellarini ishlab chiqish va o‘qitish uchun qariyb 1,18 milliard birlikdagi davlat ma’lumotlarini taqdim etdi.



