Teleradioeshittirishlar sohasida radiochastotalarni taqsimlash va yakka tartibdagi litsenziyalar berish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi
2024-09-13 16:25:00 / Anons
Tanlovni o‘tkazuvchi: Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasi
Tanlov o‘tkaziladigan sana: 2024-yil 14-noyabr
Buyurtmanomalar qabul qilishni boshlash: 2024-yil 16 sentabr, soat 9 00 dan
Buyurtmanomalar qabul qilishni tugatish: 2024-yil 15-oktabr, soat 17 00 gacha
Tanlov o‘tkazish joyi: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosi
Tanlov shartlari: Tanlovda O‘zbekiston Respublikasi hududida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan, teleradioeshittirishlar va ommaviy axborot vositalari sohasidagi qonun hujjatlari talablariga javob beradigan, buyurtmanoma va ilova qilinadigan hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etgan yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin
Ma’lumot uchun telefon: Hukumat uyi, Komissiya ishchi guruhi 71 239 84 57; 71 239 81 89
Buyurtmanomalarni taqdim etish: Buyurtmanoma va ilova qilinadigan hujjatlar elektron shaklda (*.pdf formatda, maks. 10 MB) mkk@gov.uz yoki mkk@exat.uz elektron pochtaga yuboriladi.
Teleradioeshittirishlar sohasidagi tanlovda ishtirok etish uchun buyurtmanoma shakli, unga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati, pul o‘tkazish uchun bank hisob raqamlari, litsenziya talablari va shartlari bilan www.digital.uz veb-saytida batafsil tanishishingiz mumkin.
| Lot | Radiochastota va standart | Uzatkich quvvati | Tarqatish usuli | Tarqatish hududi | REV o‘rnatilgan manzil |
RAQAMLI TELEESHITTIRISHLAR MULTIPLEKSIDA TELEKANALLARNI TARQATISH
| 1* | DVB-T/T2 standart 470-694 MHz |
0,03-5 kW | Efir orqali ochiq rejimda | Respublika bo‘yicha | “RRTM” DUKning RTSlari |
*tanlovda g‘olib chiqqan teleeshittirish subyektining telekanali “RADIOALOQA, RADIOESHITTIRISH VA TELEVIDENIYE MARKAZI” davlat unitar korxonasining raqamli teleeshittirishlar multipleksi tarkibiga shartnoma asosida kiritiladi.
Tanlov shartlari:
Tanlovda O‘zbekiston Respublikasi hududida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan, ta’sis hujjatlarida ommaviy axborot vositalari sohasida faoliyat ko‘rsatish nazarda tutilgan teleradioeshittirish sohasida tanlov asosida radiochastotalarni taqsimlash va yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq buyurtmanoma va lozim darajada rasmiylashtirilgan hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etgan yuridik shaxslarning ishtirok etishlariga ruxsat etiladi.
Shu bilan birga litsenziya da’vogari ommaviy axborot vositalari sohasidagi qonun hujjatlari talablariga javob berishi kerak.
Tanlovda ishtirok etish uchun litsenziya da’vogari belgilangan tartibda buyurtmanoma taqdim etadi.
Buyurtmanomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
teleradiodasturlarni tarqatish bo‘yicha xizmatlar taqdim etish jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xodimlarning malakasini tasdiqlovchi hujjatlar (diplomlar, guvohnomalar, sertifikatlar);
ijodiy, texnik va moliyaviy takliflarni, shuningdek teleradiodasturlarni eshittirish rejalashtirilayotgan setkasini, o‘z dasturlarini eshittirish hajmlari va tanlov majburiyatlarini o‘z ichiga oladigan eshittirishlarning mufassal konsepsiyasi;
tegishli organlarning teleradioeshittirish obyektlarining qo‘riqlash talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi;
teleradioeshittirishlarni tashkil etish uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, agar ushbu huquq boshqa shaxsga tegishli bo‘lsa (ijara shartnomasi va boshqalar).
Litsenziya talablari va shartlari:
Litsenziyat tomonidan faoliyat ko‘rsatishda quyidagi litsenziya talab va shartlari bajarilishi majburiydir:
faoliyat sohasi bo‘yicha qonun hujjatlariga, davlat standartlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi;
janr va mazmun jihatidan xilma-xil bo‘lgan dasturlarni shakllantirish va ularning jamiyat ma’naviy ehtiyojlariga mosligini ta’minlash;
teleradiodasturlarni davlat tili to‘g‘risida qonun hujjatlarini inobatga olgan holda tarqatish;
qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan shartnoma (bitimlar) mavjud bo‘lgan sharoitda xorijiy kanallar teleradio ko‘rsatuvlarni qonun hujjatlariga muvofiq;
iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish;
qonun hujjatlari talablariga muvofiq sertifikatlangan teleradioko‘rsatuvlarni tarqatishning texnik vositalaridan foydalanish;
telekommunikatsiya texnik vositalaridan foydalanish qoida va normalari hamda teleradioeshittirish obyektlarining sanitariya, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash va xavfsizlik rejimini ta’minlash talablarini, qonun hujjatlarida belgilangan boshqa litsenziya talab va shartlarining bajarilishi.
