Buxoroda yangi AT ekotizimi shakllantiriladi
2026-08-24 16:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi Acharya Institute of Technology — Uzbekistan Campus’iga tashrif buyurib, ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi bino qurilishining so‘nggi bosqichi va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida yangi o‘quv majmuasining qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgani ko‘zdan kechirildi. Zamonaviy arxitektura va ilg‘or ta’lim infratuzilmasiga ega mazkur majmua O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida yoshlar uchun zamonaviy va ko‘rkam oliy ta’lim maskani sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilgan.
Yangi kampus nafaqat talabalar uchun qulay ta’lim muhitini yaratish, balki Buxoro viloyatida axborot texnologiyalari sohasida sifatli kadrlar tayyorlash, yoshlarni raqamli kasblarga keng jalb etish va zamonaviy IT ekotizimini shakllantirish uchun muhim platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kunda AT sohasida kadrlarga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Shu bois ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, talabalarga nafaqat nazariy bilim, balki real loyihalarda ishlash, xalqaro AT kompaniyalari bilan hamkorlik qilish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini berish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, universitetni Buxoro viloyatida shakllanayotgan AT klasterining muhim bo‘g‘inlaridan biriga aylantirish, talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga e’tiborni yanada kuchaytirish, ta’lim muassasasi, AT kompaniyalar, startaplar va texnologik hamjamiyat o‘rtasida uzviy hamkorlikni oshirish bo‘yicha mas’ullarga qo‘shimcha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, AT ta’lim qamrovini kengaytirish, ko‘proq yoshlarni raqamli texnologiyalarga jalb qilish, maktab o‘quvchilari va talabalar uchun qo‘shimcha raqamli ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ularning dasturlash, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar tahlili va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shu bilan birga, universitet bazasida startap laboratoriyalari, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari, mentorlik va akseleratsiya mexanizmlarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning loyihalarini investitsiya va xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi.
Maqsad Buxoroni IT ta’limi, innovatsiyalar va raqamli tadbirkorlik rivojlangan hududlardan biriga aylantirish, yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berish hamda ularni nafaqat mahalliy, balki global texnologiyalar bozorida raqobatlasha oladigan mutaxassislar sifatida tayyorlashdan iboratligi qayd etildi.



