“Ikkinchi imkon” loyihasi doirasida 21-son jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif amalga oshirildi
2026-08-08 19:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Avvalroq start berilgan ushbu ezgu tashabbusning amaliy davomi sifatida, 21-son jazoni ijro etish koloniyasida “Ikkinchi imkon” loyihasi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan ta’lim jarayonlari va yosh mahkumalarning zamonaviy raqamli ko‘nikmalarni egallash sharoitlari atroflicha o‘rganildi.
Tashrif davomida Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari muassasada yaratilgan ta’lim infratuzilmasini ko‘zdan kechirib, loyiha ishtirokchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Shuningdek, uchrashuv davomida ta’lim dasturlarini yanada takomillashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
“Unicon-Soft” MChJ tomonidan beg‘araz ko‘mak asosida amalga oshirilayotgan ushbu ezgu loyiha ishtirokchilari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Loyiha doirasida yoshlar intensiv ta’lim dasturlari orqali dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa zamonaviy kasblar hamda xorijiy tillarni chuqur o‘rganish va oz imkoniyatlarini namoyon etish sharoitiga ega bo‘ladilar.
Shu bilan birga, jarayon davomida ularni ijtimoiy va huquqiy jihatdan har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan va bilimlarni egallagan ishtirokchilar respublika miqyosida tan olinadigan maxsus malakaviy sertifikatlar bilan taqdirlanadilar. Bu esa yoshlarning kelajakda jamiyatda munosib o‘rin topishlari va kelgusi hayotlarida yangi sahifa ochishlarida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
“Ikkinchi imkon” loyihasi jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashi, raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishi hamda ozodlikka chiqqandan so‘ng munosib bandligini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biridir.


