Endi my.gov.uz orqali talabalar turar joyiga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish mumkin
2026-07-31 19:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yildan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali talabalar turar joyiga joylashish va turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish xizmatlari yagona kompozit xizmat shaklida taqdim etilmoqda.
Mazkur yangilik natijasida talabalar yotoqxonaga joylashgandan so‘ng vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun alohida murojaat qilish yoki qo‘shimcha hujjatlar taqdim etish zaruratidan xalos bo‘ladi.
Ariza topshirish uchun my.gov.uz portalidagi "Talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza yuborish" xizmatini tanlab, so‘ralgan ma’lumotlarni kiritish kifoya.
Ariza ko‘rib chiqilgach, talabaga elektron shartnoma va yo‘llanma taqdim etiladi. Shartnomada belgilangan to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng kompozit xizmat avtomatik ishga tushadi hamda turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘lov shakllantiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi amalga oshirilgach, foydalanuvchiga turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi qayd varag‘i elektron shaklda taqdim etiladi.
Eslatma: turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olish muddati to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab shartnomada ko‘rsatilgan muddat davomida amal qiladi.
Bitta murojaat — ikki natija! my.gov.uz orqali vaqtingizni tejang.
