Polshaning Asseco International bilan raqamli transformatsiya va AT-loyihalar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-07-14 19:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida raqamli transformatsiya, elektron hukumat, moliyaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (Data Center) hamda yirik davlat va korporativ AT-loyihalarini amalga oshirish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Dastlab mehmonlarga mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, AT xizmatlari eksporti hajmining izchil o‘sishi, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar, xorijiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasidagi yirik investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Data markazlar va SI loyihalari uchun yaratilgan maxsus imtiyozlar, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilayotgan sun’iy intellekt laboratoriyalari hamda yuqori malakali AT mutaxassislarini tayyorlash tizimi taqdim etildi.
Tomonlar Asseco International kompaniyasining davlat boshqaruvi, bank-moliya, sog‘liqni saqlash va boshqa tarmoqlar uchun ishlab chiqayotgan zamonaviy yechimlarini O‘zbekistonda joriy etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash hamda tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonda kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, delegatsiya UZINFOCOM faoliyati hamda raqamli hukumat infratuzilmasi, davlat axborot tizimlari, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, bulutli texnologiyalar, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.




