Andijonda zamonaviy logistika markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi
2026-07-12 12:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlar doirasida Andijon viloyati Marhamat tumanida zamonaviy “Ershi logistika markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov, Andijon viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Akmal To‘lanov, viloyatdagi shahar va tuman hokimlari, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Ushbu majmuaga tadbirkor tomonidan 6,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi. Logistika markazining ishga tushirilishi natijasida 350 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ayniqsa, xorijiy tillarni biladigan yoshlar uchun zamonaviy va yuqori daromadli ish o‘rinlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, majmua tarkibida xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish yo‘nalishlari ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu hudud aholisi uchun qo‘shimcha bandlik imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida markazning logistika xizmatlarini rivojlantirish borasidagi salohiyati, hududda yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini kengaytirish hamda iqtisodiy faollikni oshirishga qaratilgan istiqbolli rejalar bilan tanishildi.
Qayd etilganidek, bunday loyihalar hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda zamonaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: 2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Andijon viloyatida IT xizmatlari eksporti hajmi 8,5 million AQSH dollarini tashkil etdi.
2025-yil yakunlari bo‘yicha esa eksportyor korxonalar tomonidan 28 million AQSH dollarilik eksport amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan qariyb ikki barobar yuqori bo‘lib, 2024-yilda mazkur ko‘rsatkich 12,8 million AQSH dollarini tashkil etgan.
Ushbu natija bilan Andijon viloyati respublikada yetakchi hududlardan biri hisoblanadi.






