Toshkent shahridagi Inha universitetida sun’iy intellekt laboratoriyasi ochildi
2026-06-26 10:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Toshkent shahridagi Inha universitetiga Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov tashrif buyurib, universitetning innovatsion va ta’lim infratuzilmasini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalarning ochilish marosimlarida ishtirok etdi.
Jumladan, O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Toshkent shahridagi Inha universiteti bazasida, AI Lab – sun’iy intellekt laboratoriyasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Yangi laboratoriya sun’iy intellekt, mashinali o‘qitish, ma’lumotlar tahlili va intellektual tizimlar sohasida zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida vazir laboratoriya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. U yerda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, talabalar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion loyihalar hamda sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy yechimlar taqdim etildi. Vazir har bir loyiha bilan alohida tanishib, ularning amaliy ahamiyati, kelgusida tijoratlashtirish imkoniyatlari va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘llash istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, laboratoriyada robototexnika, intellektual boshqaruv tizimlari hamda raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi ishlanmalar namoyish etildi.
Vazir yoshlarning tashabbuslari va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqaro loyihalarga jalb etish hamda sun’iy intellekt sohasida malakali kadrlar tayyorlashning ahamiyatini alohida ta’kidladi.






