Media vakillari uchun bolalarning axborot xavfsizligiga bag‘ishlangan maxsus o‘quv kursi tashkil etildi
2026-06-25 20:50:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan “Raqamli davrda bolalarning axborot xavfsizligi: OAV mas’uliyati, kiberhimoya va etik mezonlar” mavzusida trening-intensiv shaklidagi maxsus o‘quv kursi o‘tkazildi.
Uch kun davom etgan o‘quv kursida respublikaning turli hududlaridan 100 nafardan ortiq ommaviy axborot vositalari va media-resurslar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida raqamli makonda bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi mas’uliyati, axborot mahsulotlarini yoshga oid tasniflash va markirovkalash talablari, shuningdek, kiberxavfsizlik hamda media etikasi masalalari muhokama qilindi.
Dastlab internet va raqamli platformalarda bolalar duch kelayotgan zamonaviy tahdidlar, jumladan kiberbulling, noqonuniy kontent, manipulyativ axborotlar, deepfake texnologiyalari hamda sun’iy intellekt bilan bog‘liq xavflarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida bolalarni zararli axborotlardan himoya qilishda davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlar, ta’lim muassasalari va ota-onalarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, milliy axborot makonida olib borilgan monitoring natijalari ham taqdim etilib, axborot mahsulotlarini qonunchilik talablariga muvofiq tayyorlash va tarqatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv kursi yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.






