Samarqandda “M360 Eurasia 2026” xalqaro forumi boshlandi
2026-05-20 12:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun Samarqand shahrida GSMA’ning nufuzli xalqaro forumlaridan biri — “M360 Eurasia 2026” forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Yevrosiyo mintaqasidagi telekommunikatsiya, AT va raqamli texnologiyalar sohasining yetakchi vakillari, xalqaro ekspertlar, investorlar hamda davlat tashkilotlari rahbarlarini bir maydonda jamladi.
Forum Raqamli texnologiyalar vazirligi, Beeline Uzbekistan va VEON Group hamkorligida tashkil etilmoqda.
Ikki kun davom etadigan forum doirasida sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma, telekommunikatsiya, innovatsion texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot va investitsion hamkorlik yo‘nalishlaridagi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Bugungi ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Shuningdek, forumda xalqaro tashkilotlar, telekommunikatsiya operatorlari, texnologik kompaniyalar hamda raqamli soha vakillari tomonidan nutqlar so‘zlandi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan vazir Sherzod Shermatov Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan uzoqni ko‘ra bilgan va strategik siyosat natijasida bugungi kunda O‘zbekistonda AT va raqamli texnologiyalar sohasi eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biriga aylanganini ta’kidladi. Aynan shu islohotlar samarasi sifatida mamlakatda xalqaro miqyosdagi yirik forum va tadbirlar tashkil etilayotgani, raqamli transformatsiya jarayonlari izchil davom ettirilayotgani qayd etildi.
Xususan, mamlakatni global AT-habga aylantirish, telekommunikatsiya bozorida raqobatni kuchaytirish, elektron hukumat xizmatlarini rivojlantirish hamda sun’iy intellekt yo‘nalishida yoshlar salohiyatini oshirish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratish O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Tadbir davomida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda AT-ekotizimni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum ishtirokchilarini panel sessiyalar, amaliy muhokamalar, B2B uchrashuvlar hamda sohaning yetakchi kompaniyalari bilan samarali muloqotlar kutmoqda.
Ma’lumot uchun, “M360 Eurasia” forumi 2025-yilda ilk bor Toshkent shahrida tashkil etilgan bo‘lib, unda 60 ta davlatdan 1000 dan ortiq mutaxassis va ekspertlar ishtirok etgan edi. Joriy yilgi forumning Samarqand shahrida o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro raqamli markaz sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.








