29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga
2026-05-12 13:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Yevroosiyo iqtisodiy sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlash va eng ezgu tilaklarimni yoʻllashdan bagʻoyat mamnunman.
Oʻtgan oʻn yillar davomida Sammit yetakchi siyosatchilar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirgan muhim muloqot maydoni sifatida oʻzini namoyon etdi.
Anjumanning Istanbulda oʻtkazilishi alohida ramziy maʼnoga ega. Asrlar davomida bu betakror shahar Yevropa va Osiyo oʻrtasida koʻprik boʻlib, mintaqalararo madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga beqiyos hissa qoʻshib keladi.
Bugungi kunda zamonaviy Turkiyada Prezident Rejep Tayyip Erdogʻanning “Turkiya asri” strategik gʻoyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidlashni istar edim.
Turkiya global kun tartibidagi dolzarb muammolarni samarali hal etish yoʻlida oʻz saʼy-harakatlarini toʻliq safarbar etib, xalqaro munosabatlarning ishonchli va nufuzli ishtirokchisi sifatida taʼsiri ortib bormoqda.
Prezident Erdogʻanning qatʼiy intilishlari tufayli bugun Oʻzbekiston va Turkiya munosabatlari keng koʻlamli strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.
Davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning eng ustuvor yoʻnalishlari Yevroosiyo iqtisodiy sammitining asosiy maqsadlari – teng huquqlilik, ishonch va oʻzaro hurmatga asoslangan keng qamrovli sheriklik va barqaror taraqqiyot tamoyillariga toʻla mos keladi.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Bu galgi Sammitning asosiy mavzularidan biri sifatida suv tanqisligi va “yashil” resurslar sharoitida global masʼuliyat masalasi bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Dunyo tobora avj olayotgan iqlim xavf-xatarlariga, xususan, choʻllanish, tuproq yemirilishi, suv tanqisligi va ekologik vaziyat yomonlashuviga duch kelmoqda.
Markaziy Osiyoda ushbu jarayonlar ayniqsa keskin namoyon boʻlyapti: harorat oshish surʼatlari koʻrsatkichi jahon miqyosidagi oʻrtacha meʼyorlardan yuqori boʻlib, muzliklar yemirilmoqda, tuproq degradatsiyasi kuchaymoqda.
Bunday sharoitda ekologik barqarorlikni taʼminlash Yangi Oʻzbekistonni taraqqiy ettirishning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda, Orol dengizining qurigan tubida esa ulkan yashil himoya maydonlari yaratilmoqda.
Biz rivojlanishning yashil modeliga izchillik bilan oʻtmoqdamiz, bu jarayonda zararli chiqindilar hajmini 35 foizga qisqartirib, 2035-yilga qadar ularni 50 foizgacha kamaytirishni maqsad qilib olganmiz.
Shu bilan birga, suv resurslarini samarali boshqarish, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa har yili katta miqdorda suv zaxiralarini tejash imkonini beradi.
Oʻzbekiston bundan buyon ham “yashil” kun tartibini faol ilgari surish hamda global ekologik xavflarni samarali hal etish yoʻllarini topishga hissa qoʻshishni faol davom ettiradi.
Shu munosabat bilan sizlarni mamlakatimizdagi xalqaro tadbirlarda, xususan, Samarqandda boʻlib oʻtadigan Global ekologik jamgʻarma Assambleyasida va Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumida ishtirok etishga taklif etaman.
Ishonchim komil, birgalikda amalga oshiriladigan saʼy-harakatlarimiz xalqaro iqlim hamkorligi kun tartibiga, jumladan, BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha boʻlajak konferensiyasiga tayyorgarlik jarayoniga amaliy hissa qoʻshadi.
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
Oʻzbekiston keng koʻlamli hamkorlik uchun doim ochiq va kelgusida ham barqaror rivojlanishni taʼminlashga koʻmaklashishga tayyor.
Biz barcha saʼy-harakatlarimizni birlashtirgan holdagina bugungi va kelgusi avlodlar uchun farovon kelajakni taʼminlay olamiz.
Sammit qatnashchilari faoliyatiga omad va katta amaliy natijalar yor boʻlishini tilayman.
Eʼtiboringiz uchun tashakkur.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
