AKT sohasida xotin-qizlar ulushi ortib bormoqda: ochiq muloqotda yangi tashabbuslar muhokama qilindi
2026-04-23 17:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbir ochiq va norasmiy muloqot shaklida tashkil etilib, unda ishtirokchilar o‘z g‘oyalari, tashabbuslari va takliflarini bevosita bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Uchrashuv davomida sohada xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Vazir mamlakatimizda raqamli transformatsiya jarayonlarida xotin-qizlarning o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidlab, nafaqat kommunikativ ko‘nikmalar, balki texnologik yo‘nalishdagi chuqur bilimlarni rivojlantirish muhimligini qayd etdi. Xususan, ilmiy darajaga ega bo‘lgan mutaxassis qizlar sonini ko‘paytirish, ularni zamonaviy AT yo‘nalishlariga jalb etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida texnologiya sohasida xotin-qizlar ulushi sezilarli darajada oshib borayotgani qayd etildi. Bugungi kunda barcha yo‘nalishlarda, jumladan AT sohasida ham ayollar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar kengaymoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi olti yil davomida AKT yo‘nalishida tahsil olayotgan xotin-qizlar soni 5 baravarga oshgan. Taqqoslash uchun, umumiy o‘sish sur’ati 4,4 baravarni tashkil etgan bo‘lsa, qizlar orasidagi o‘sish dinamikasi yanada yuqori bo‘lgan. Natijada, AKT yo‘nalishidagi talabalar tarkibida xotin-qizlar ulushi 19 foizdan 23 foizga yetgan.
Dastlab sohada faol va iqtidorli yosh qizlar xalqaro tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar sifatida shakllanib, nufuzli mukofotlar bilan taqdirlanmoqda. Jumladan, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan yosh mutaxassis qizlar AT yo‘nalishida erishayotgan yutuqlari bilan tengdoshlariga namuna bo‘lib, innovatsion loyihalarda faol ishtirok etib kelayotgani alohida e'tirof etildi.
Mazkur ijobiy o‘sish, bir tomondan, iqtisodiyotning raqamlashtirilishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati samarasi hisoblanadi. Jumladan, “GAP” ayollar AT klubi doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar hamda hududlarda yaratilayotgan yangi imkoniyatlar bu borada muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uchrashuv yakunida texnologiya sohasida xotin-qizlar ulushini yanada oshirish uchun barcha manfaatdor tomonlar sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi ta’kidlandi.






