Kibernetika institutining 60 yilligi munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo'lib o'tmoqda
2026-04-15 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur konferensiya Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda School 21 hamkorligida tashkil etilib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi Kibernetika instituti tashkil etilganining 60 yillik yubileyiga bag‘ishlandi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib berib, kibernetika va sun’iy intellekt bugungi raqamli transformatsiyaning asosiy drayverlaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Anjumanning ochilish marosimida, akademik Mirzayan Kamilov, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Anvarxo‘ja Qodirov, School 21 bosh ijrochi direktori Zarina Luxmanova kirish va qutlov so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Anjumanda mahalliy va xorijiy yetakchi olimlar, tadqiqotchilar, OTM professor-o‘qituvchilari, AT sohasi mutaxassislari hamda talabalar ishtirok etmoqda.
Anjuman doirasida sun’iy intellekt, algoritmlar, modellashtirish, mashinaviy o‘qitish, ma’lumotlarni intellektual tahlil qilish kabi yo‘nalishlarda dolzarb ilmiy ishlanmalar muhokama qilinmoqda. Ishtirokchilar tomonidan ilg‘or ilmiy yechimlar, innovatsion loyihalar va amaliy ishlanmalar taqdim etildi.
Dasturga muvofiq, anjuman yalpi majlislar, plenar sessiyalar hamda 6 ta sho‘ba yig‘ilishlari shaklida tashkil etilib, unda algoritmlashtirish va boshqaruv, modellashtirish va optimallashtirish, ma’lumotlarni intellektual tahlil qilish, nutq va tasvirlarni qayta ishlash, mashinali o‘qitish hamda raqamli texnologiyalar yo‘nalishlari qamrab olingan.
Shuningdek, anjuman xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish hamda qo‘shma innovatsion loyihalarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.









