Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludiga 690 yil!
2026-04-09 08:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun – 9-aprel, jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavallud topgan kun.

1336-yil 9-aprel kuni Kesh (hozirgi Shahrisabz) atrofidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida dunyoga kelgan Amir Temur yoshlik chog‘laridanoq yetakchilik va sarkardalik qobiliyatini namoyon etgan. Keyinchalik u nafaqat harbiy maydonlarda, balki davlat boshqaruvida ham yuksak natijalarga erishib, kuchli va markazlashgan davlat barpo etdi.
“Sohibqiron” unvoni ham bejiz berilmagan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, u tavallud topgan paytda osmon jismlarining muayyan holati bu nom bilan bog‘langan bo‘lib, bu holat buyuk sarkarda va davlat arboblariga xos ramz sifatida talqin qilingan.
Amir Temur ilm-fan, madaniyat va me’morchilikka katta e’tibor qaratib, ayniqsa, Samarqandni o‘z davrining yirik ilm-fan va madaniyat markazlaridan biriga aylantirdi.
Uning davlat boshqaruviga oid qarashlari, diplomatik faoliyati va harbiy strategiyasi bugungi kunda ham ilmiy doiralarda chuqur o‘rganilmoqda. Uning “Temur tuzuklari” asari boshqaruvning muhim manbalaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Amir Temur merosi — bu jasorat, adolat, qat’iyat va vatanparvarlik timsoli sifatida xalqimiz ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutadi.
