O‘zbekistonda tadbirkor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan She’s Next dasturi ishga tushirildi
2026-04-07 10:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastur boshlanishi munosabati bilan tashkil etilgan media-branch doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Visa, Ipak Yuli Bank hamda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlovchi Hamroh kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur tashabbus 17 ta mamlakatni birlashtirgan mintaqaviy platforma doirasida O‘zbekistonning tadbirkor ayollari uchun faol hamjamiyatni shakllantirishga qaratilgan. Bu ularga ta’limiy kontentdan foydalanish, tajriba almashish va boshqa mamlakatlardagi hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish imkonini beradi. Shu bilan birga, memorandum ishtirokchilari raqamli transformatsiyani jadallashtirish hamda aholining raqamli va moliyaviy savodxonligini oshirishga ko‘maklashishni maqsad qilgan.
Dasturda “Boshlang!” shiori ostida She’s Next loyihasining birinchi bosqichi yo‘lga qo‘yildi. O‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlashni rejalashtirayotgan ayollar ishtirok etish uchun 24-mayga qadar (shu kuni ham) She’s Next platformasida quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi: https://shesnext.uz/ru
Ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar to‘rtta video dars va testlardan iborat ta’lim dasturidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilar o‘z biznes-rejalarini ekspert komissiyasiga taqdim etishi mumkin. Baholash natijalariga ko‘ra, 30 nafar finalchi saralab olinadi va ular Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan She’s Next Pitch Day tadbirida o‘z loyihalarini hakamlar hay’atiga taqdim etadi. Yakunda 7 nafar g‘olib o‘z biznesini boshlash yoki rivojlantirish uchun pul grantlariga ega bo‘ladi. Umumiy mukofot jamg‘armasi 22 000 AQSh dollarini tashkil etadi.
Ma'lumot uchun, BMT tomonidan 2025-yil aprel oyida e’lon qilingan “Women’s Entrepreneurship in Uzbekistan: Assessment and Recommendations” hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda qariyb 2,1 million ayol tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Bu ko‘rsatkich 2020-yilga nisbatan yetti baravar oshgan bo‘lib, ayollar mamlakat iqtisodiyotida band bo‘lgan ayollarning qariyb 35 foizini tashkil etmoqda. Ushbu ma’lumotlar ayollar tadbirkorligiga qiziqish yuqori ekanini, shu bilan birga, moliyalashtirish va biznesni boshqarish bo‘yicha maqsadli qo‘llab-quvvatlash choralari muhimligini ko‘rsatadi.




