“Space Technology Conference STC-2026” nomli kosmik texnologiyalari xalqaro konferensiyasi O‘zbekistonda bo'lib o‘tmoqda
2026-03-31 22:50:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston mintaqadagi kosmik sanoat markaziga aylanmoqda: Space Technology Conference – Central Eurasia (STC) o‘zining 5 yilligini O‘zbekistonda nishonlamoqda.
Tashkil etilganidan buyon ushbu tadbir mintaqa kosmik sanoati yetakchilari uchun har yili o‘tkaziladigan muhim uchrashuv maydoniga aylandi. U global tijorat tashkilotlariga mintaqaviy hukumatlar bilan hamkorlik qilish, biznes imkoniyatlarini o‘rganish, innovatsiyalarni namoyish etish hamda uzoq muddatli hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish uchun noyob imkoniyat yaratadi.
Buyuk Britaniyaning Dialogue Events kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan va O‘zbekiston Milliy kosmik agentligi — “O‘zbekkosmos” mezbonligida o‘tkazilayotgan nufuzli STC 2026 poytaxtimizdagi InterContinental mehmonxonasida bo‘lib o‘tmoqda. Unda 32 ta davlatdan 24 ta homiy va 400 nafar delegat ishtirok etib, Markaziy Yevrosiyo kosmik ekotizimining rivoji hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.
Anjuman Ozarbayjon, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston kabi davlatlarning milliy kosmik ma’muriyatlari, shuningdek Xalqaro elektr aloqa ittifoqi (ITU), Xalqaro astronavtika federatsiyasi (IAF), RCC, Osiyo-Tinch okeani kosmik hamkorlik tashkiloti (APSCO), TÜBİTAK UZAY kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda va ularda faol ishtirok etilmoqda. STC 2026 kosmik sohadagi so‘nggi innovatsiyalar, tendensiyalar va muammolarni yoritib beradi hamda bilim almashish, tarmoqni kengaytirish va transchegaraviy hamkorlik uchun noyob platformani taqdim etadi.
Dastur doirasida asosiy ma’ruzalar, ochilish nutqlari va O‘zbekiston, Ozarbayjon hamda Qozog‘iston tomonidan taqdim etiladigan milliy kosmik sharhlar, texnik sessiyalar, panel muhokamalar, ko‘rgazma stendlari, yuqori darajadagi (C-level) G2B va B2B uchrashuvlar, shuningdek turli networking tadbirlari o‘rin olgan.
STC 2026 doirasida qator nufuzli xalqaro mehmonlar ham ishtirok etmoqda. Jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Ozarbayjon Respublikasi Kosmik agentligi (Azercosmos) boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Dunay Badirkhanov, Qozog‘iston Raqamli rivojlanish va aerokosmik sanoat vazirligi Aerokosmik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kuandyk Shulenbayev, Turkiya kosmik agentligi (TUA) raisi va prezidenti Yusuf Kiraç, Xalqaro astronavtika federatsiyasi (IAF) ijrochi direktori doktor Kristian Fayxtinger, APSCO Bosh kotibi doktor Jiang Hui, Turksat kompaniyasi bosh direktori Ahmet Hamdi Atalay va boshqalar qatnashmoqda. Bu esa tadbirning global kosmik hamkorlik uchun muhim platforma ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shuningdek, anjumanda Axiom Space kompaniyasi astronavti va NASA’ning sobiq astronavti Maykl Lopes-Alegria ham ishtirok etmoqda. Uning qatnashuvi konferensiyaning innovatsiyalar, tijorat kosmik parvozlari va xalqaro hamkorlikka qaratilgan e’tiborini namoyon etadi. U bilan birga Turkiyaning ilk astronavti, TUA vakili Alper Gezeravcı ham qatnashmoqda. Ular Xalqaro kosmik stansiyaga amalga oshirilgan AX-3 missiyasida birgalikda parvoz qilgan.
Dunyoning yetakchi texnologik kompaniyalari ushbu tadbirni homiylik, ko‘rgazma va faol ishtirok orqali qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu esa STC 2026’ning tez rivojlanayotgan mintaqaviy kosmik ekotizimda hamkorlikni rivojlantirish va biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma ekaniga bo‘lgan yuqori ishonchni ifodalaydi.









