TAVAKKALCHILIKKA ASOSLANGAN O‘YINLARNING INSON VA JAMIYATGA TA’SIRI
2026-03-27 13:50:00 / Vazirlik yangiliklari
So‘nggi yillarda onlayn bukmekerlik va qimor platformalarining keng tarqalishi global miqyosda jiddiy ijtimoiy muammoga aylanib, raqamli texnologiyalar orqali qimor o‘yinlarining 24/7 mavjudligi ularning xavfini yanada oshirmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, qimor o‘yinlari nafaqat iqtisodiy, balki psixologik va ijtimoiy inqirozlarga ham olib keladi.
Ma’lumot uchun: Dunyo bo‘yicha kata yoshdagi aholining 28 foizi kamida bir marta qimor o‘ynagan, taxminan 1,2 foizodamlar qimor kasalligiga chalingan, yana 15 foiz aholi xavf guruhida (qaramlik ehtimoli yuqori), onlayn qimor sanoati hajmi 2028-yilga borib 700 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, ekspertlar hisobiga ko‘ra, 450 mln odam qimorning zararli ta’sirini his qilmoqda, kamida 80 mln odam to‘liq qaramlik holatida. Qimor o‘yinlariga qaram bo‘lganlarning 60 foizida ruhiy kasalliklar mavjud, qaramlar 6 barobar ko‘proq o‘z joniga qasd qilishga urinishadi. Qimor kasalligiga chalinganlar umumiy aholiga nisbatan 15 barobar ko‘proq o‘z joniga qasd qiladi, yoshlar ayniqsa xavf ostida: 18–34 yoshdagilar onlayn qimor o‘yinchilarining 45 foizini tashkil etadi, muammoli qimorchilarning katta qismi onlayn platformalardan foydalanadi (81 foiz), bu shuni anglatadiki, aynan mobil ilovalar va saytlar (masalan, bukmeker platformalari) qaramlikni tezlashtiradi.
Bunday o‘yinlarning asosiy xususiyati – tez boyish illyuziyasini yaratishdir. Inson kichik yutuqlardan ruhlanib, ko‘proq pul tikishga moyil bo‘ladi. Natijada psixologik qaramlik yuzaga keladi, stress, xavotir va depressiya kuchayadi, mantiqiy fikrlash susayadi.
Qimor o‘yinlarining zararli oqibatlari faqat individual emas, balki keng ijtimoiy muammolarni ham keltirib chiqaradi, bu har bir qaram odam kamida yana 6 kishiga salbiy ta’sirini o‘tkazishi (oila, yaqinlar), oilaviy ajrimlar, zo‘ravonlik, firibgarlik va o‘g‘irlik, qimor sababli o‘z joniga qasd qilishlarning 4 foizdan ortig‘i yuz berishida ko‘rinadi. Bundan tashqari, ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, onlayn qimor o‘yinlariga qaramlik alkogolizm yoki giyohvandlik bilan bir xil darajada xavfli bo‘lishi mumkin.
Tavakkalchilik o‘yinlari eng avvalo insonning moddiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bu – doimiy yutqazishlar natijasida qarzga botish, oilaviy budjetning izdan chiqishi, kredit va noqonuniy qarz olish holatlari, ish faoliyatiga e’tiborning pasayishi, ko‘pchilik “yo‘qotilgan pulni qaytarib olish” umidida yana pul tikishi qarz spiraliga olib keladi.
Bunday zararli odatlardan himoyalanish uchun quyidagi choralar muhim:
1. Moliyaviy savodxonlikni va ongni oshirish. Pulni boshqarish, tejash va investitsiya qilish bo‘yicha bilimlarni oshirish insonni bunday tuzoqlardan uzoq tutadi. Statistik ma’lumotlarni bilish esa insonni noto‘g‘ri qarorlardan qaytaradi.
2. Bo‘sh vaqtni to‘g‘ri tashkil etish. Sport, kitob o‘qish, yangi ko‘nikmalar o‘rganish kabi foydali mashg‘ulotlar qimor o‘yinlariga ehtiyojni kamaytiradi.
3. O‘z-o‘zini va moliyaviy nazoratni doimiy ushlash. Shaxsiy chegaralarni belgilash, masalan, onlayn qimor platformalariga kirmaslik, pul tikmaslik bo‘yicha qat’iy qaror qabul qilish. Shuningdek, oylik budjet yuritish, qarzdan qochish hamda “tez boyish” fikridan voz kechish.
4. Raqamli cheklovlar. Qimor saytlarini bloklash, ilovalarni o‘chirish, bank limitlarini qo‘llash bu yo‘nalishda ayniqsa muhim.
5. Oila va do‘stlar qo‘llab-quvvatlashi. Yaqinlar bilan ochiq muloqot qilish va muammolarni yashirmaslik juda muhim.
6. Mutaxassisga murojaat qilish. Agar qaramlik yuzaga kelgan bo‘lsa, psixolog yoki maslahat markazlariga murojaat qilish zarur.
Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar qisqa muddatli zavq berishi mumkin, ammo ularning uzoq muddatli oqibatlari juda og‘ir: psixologik qaramlik, moliyaviy yo‘qotishlar va ijtimoiy muammolar. Shuning uchun har bir inson ongli ravishda bunday o‘yinlardan uzoq turishi, sog‘lom va barqaror hayot tarzini tanlashi zarur. Shuni esda tutish kerakki, onlyan qimor – daromad manbai emas, balki yo‘qotish mexanizmi.
