AQShda vatandoshlar bilan xorijdagi salohiyatli kadrlarni milliy IT ekotizimiga jalb qilish maqsadida uchrashuv o‘tkazildi
2026-03-25 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda vazir Sherzod Shermatov O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, ustuvor yo‘nalishlar va xalqaro hamkorlik istiqbollari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u AT sohasi uchun yaratilayotgan qulay muhit, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov so‘zga chiqib, tashkilot faoliyati, uning asosiy vazifalari va so‘nggi yillarda erishilgan natijalar haqida taqdimot qildi. U IT Park’ning innovatsiyalarni rivojlantirish, AT xizmatlar eksportini oshirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishdagi o‘rnini alohida ta’kidladi.
Bundan tashqari, “Uzbekistan Connect” dasturi doirasida hamkorlik imkoniyatlari taqdim etildi. Dastur vatandoshlarni “Tech Ambassador” sifatida jalb etish orqali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, AT xizmatlar eksportini kengaytirish hamda startaplar va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun professional netvorking imkoniyatlari, xalqaro hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish va turli tashabbuslarni amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatilishi haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida vatandoshlar tomonidan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi. Xususan, raqamli platformalar va onlayn ta’lim yechimlarini ishga tushirish, universitetlar va biznes o‘rtasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish, xalqaro stajirovka va kadrlar tayyorlash dasturlarini kengaytirish, IT mahsulotlarini xorijiy bozorlarda ilgari surish, autsorsing va bek-ofis xizmatlarini rivojlantirish, startaplar va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, raqamli savdo va logistika yo‘nalishlarini takomillashtirish, shuningdek sun’iy intellekt sharoitida mehnat bozorini moslashtirish va yangi ko‘nikmalarni shakllantirish kabi muhim tashabbuslar bildirildi.



