AQSHda tahsil olayotgan xalqaro talabalar guruhi O‘zbekistonning raqamli ekotizimi bilan tanishdi
2026-03-17 09:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Amerika Qo‘shma Shtatlarida tahsil olayotgan xalqaro talabalar guruhining O‘zbekistonga tashrifi doirasida ular Raqamli texnologiyalar vazirligida bo‘lishdi.
Tashrif dastlab vazirlikda mehmonlar uchun IT Park Uzbekistan faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Taqdimot davomida IT Park Uzbekistan hududida yaratilgan zamonaviy infratuzilma, startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimi, rezident kompaniyalar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar, shuningdek, mamlakatda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda AT sohasiga kirib kelayotgan xalqaro kompaniyalar, eksportbop AT xizmatlar va yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ham alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng mehmonlar UZINFOCOM faoliyati bilan tanishdi. U yerda mutaxassislar tomonidan davlat axborot tizimlari, raqamli platformalar, elektron hukumat xizmatlari hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan yirik raqamlashtirish loyihalari haqida taqdimot o‘tkazildi. Mehmonlar ushbu loyihalarning ahamiyati va ularning davlat boshqaruvi hamda jamiyat hayotidagi o‘rni haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Tashrif yakunida mehmonlar bilan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida vazir mamlakatda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, AT ta’limni kengaytirish, startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni yo‘lladilar. Savollar asosan O‘zbekistondagi AT bozori, hamda raqamli ta’lim, startaplar uchun imkoniyatlar, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish siyosati hamda xalqaro hamkorlik masalalariga oid bo‘ldi. Uchrashuv davomida berilgan savollarga atroflicha javoblar taqdim etildi va fikr almashinuvi o‘tkazildi.
Tashrif mehmonlarda O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, AT infratuzilmasi hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida yanada keng tasavvurga ega bo‘ldilar.









