Huawei kompaniyasi bilan raqamli infratuzilma sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-03-10 21:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Jahon mobil kongressi (MWC) doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Huawei kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda kompaniyaning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Filin Gan hamda Huawei’ning mintaqaviy vakillari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sun’iy intellekt asosidagi hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish hamda katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy data-markazlar loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, yuqori tezlikdagi ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish, bulutli xizmatlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida telekom bozorini rivojlantirish hamda operatorlar daromadlarini oshirishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan model turlari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, kompaniya vakillari O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, mamlakat bilan texnologik hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuvdan so‘ng vazir Sherzod Shermatov Huawei kompaniyasining ko‘rgazma stendi bilan tanishdi. Unda data-markazlar uchun zamonaviy yechimlar, yuqori unumdorlikdagi sun’iy intellekt hisoblash infratuzilmasi, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash platformalari hamda telekom tarmoqlarini intellektual boshqarishga qaratilgan texnologiyalar namoyish etildi.
Jumladan, taqdimot davomida “Intelligent WAN” texnologiyasi asosida tarmoqlarni intellektual boshqarish, ma’lumotlar trafigini optimal taqsimlash va kiberxavfsizlikni kuchaytirishga xizmat qiluvchi yechimlar haqida batafsil ma’lumot berildi.






