Marhamat tumanida sayyor qabul o‘tkazildi
2026-02-19 10:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Andijon viloyati Marhamat tumanida jismoniy va yuridik shaxslar uchun sayyor qabul tashkil etildi.
Unda Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari hamda mas’ul mutaxassislar ishtirok etib, fuqarolar va tadbirkorlarning raqamli texnologiyalar sohasiga oid murojaatlari, taklif va muammolarini tingladi.
Qabul davomida internet sifati va qamrovi, mobil aloqa xizmatlari, pochta xizmati, AT ta’limi, IT Park rezidentligi hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari yuzasidan murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Sayyor qabul jarayonida jami 17 ta murojaat kelib tushdi, shundan 3 tasi joyida bartaraf etilgan bo‘lsa, 4 tasiga huquqiy tushunchalar berildi.
Qolgan murojaatlar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida sayyor qabul davomida ko‘chma savdo ofislari tashkil etildi.



