Xotin-qizlarning AT sohasida ta’lim olishi va ish bilan ta’minlanishiga ko‘mak berilmoqda
2026-02-06 19:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur ijtimoiy loyihaning asosiy maqsadi — xotin-qizlarning axborot texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularga professional mentorlik yordamini ko‘rsatish hamda munosib ish o‘rinlariga joylashishlarida amaliy ko‘maklashishdan iborat.
Loyiha doirasida tanlov asosida saralab olingan ishtirokchilar 7 hafta davom etgan maxsus o‘quv dasturida qatnashdilar. Dastur davomida ular “Ma’lumotlar bazasi muhandisligi” (Database Engineering) yo‘nalishi bo‘yicha chuqurlashtirilgan nazariy bilimlar va amaliy tajribaga ega bo‘ldilar.
Ta’lim dasturi davomida ishtirokchilar AT asoslari, veb-serverlar va ilova serverlari, global texnologiya kompaniyalariga tayyorlov va intervyu ko‘nikmalari, tarmoq va axborot xavfsizligi, startaplar va investitsiya asoslari, rezyume va portfolio tayyorlash, shuningdek sertifikatsiya va loyiha taqdimoti yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil oldilar. Dastur davomida ishtirokchilar jamoaviy loyiha ustida ham ishladilar (InnovAItion Group Project).
Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Rizayeva Muslima, Ochildiyeva Jasmina, Xadjiyeva Diana, Rustamova Nozima va Nuriddinova Amina ta’lim dasturini muvaffaqiyatli yakunladilar. Dastur yakuniga yetmasidan oldin ishtirokchilarning to‘rt nafari ish bilan ta’minlandi, yana bir ishtirokchi esa kurs tugaganidan so‘ng ishga joylashdi.
Loyiha mentorlar haqida ma’lumot
Loyiha doirasida ishtirokchilarga tajribali AT mutaxassislar tomonidan mentorlik yordami ko‘rsatildi. Mentorlar texnik ta’lim, loyiha ishlari, karyera rejalashtirish hamda ishga joylashish bo‘yicha individual maslahatlar berdi.
Kurs mentorlar:
- Xurshidbek Kurbanov — InFocus.uz ta’lim dasturi asoschisi, 10 yildan ortiq tajribaga ega AT mutaxassisi, Engineering Lead. Tech University of Korea’da magistratura tamomlagan. Paybek, PDP Academy va Hanpass kompaniyalarida faoliyat yuritgan.
- Aziz Murtazayev — InFocus.uz ta’lim dasturi asoschisi, 15 yildan ortiq tajribaga ega AT mutaxassisi, Engineering Lead. Ajou University’da magistratura tamomlagan. Hupo, Facebook va Samsung xalqaro kompaniyalarda ish tajribasiga ega.
- Muxammad Raximov — InFocus.uz ta’lim dasturi asoschisi, 10 yildan ortiq tajribaga ega AT mutaxassisi, Fintech Innovator. Korean National University of Transportation’da magistratura tamomlagan. SentBe, Hanpass va Paybek kompaniyalarida faoliyat yuritgan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi xotin-qizlarning raqamli iqtisodiyotdagi rolini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaydi hamda barcha xotin-qizlarni yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga chorlaydi.






