“5 million sun’iy intellekt yetakchilari” talabalar forumi bo‘lib o‘tdi
2026-01-29 16:20:00 / Vazirlik yangiliklari

So‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari global miqyosda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Yetakchi davlatlar sun’iy intellektni innovatsion texnologiya bilan bir qatorda milliy raqobatbardoshlik va inson kapitalini rivojlantirishning strategik yo‘nalishi sifatida ko‘rmoqda. O‘zbekistonda ham raqamli transformatsiya jarayonlari doirasida sun’iy intellekt salohiyatidan samarali foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 2025-yil 28-noyabr kuni sun’iy intellekt bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro forum doirasida “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berilgan edi.
Bugun, 29-yanvar kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” talabalar forumi bo‘lib o‘tdi. Forum talaba-yoshlarni loyiha doirasida keng qamrab olish, Prezident tashabbuslarini yoshlar orasida targ‘ib etish hamda “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasining “talabalar karvoni”ga rasmiy start berish maqsadida tashkil etildi.
Loyiha doirasida 2030-yilga qadar 4 million 750 ming nafar maktab o‘quvchilari va talabalar, 150 ming nafar o‘qituvchilar hamda 100 ming nafar davlat xizmatchilarini sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qitish ko‘zda tutilgan. Ushbu tashabbus yoshlarning raqamli kompetensiyalarini oshirish, innovatsion fikrlashni rivojlantirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan.
Forumda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, “Sun’iy intellekt alyansi” rahbariyati, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi, professor-o‘qituvchilar hamda ming nafarga yaqin talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Forum doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov talaba-yoshlar yaratgan sun’iy intellektga asoslangan innovatsion ishlanmalar, startap loyihalar hamda zamonaviy raqamli yechimlar bilan tanishdi. Vazir ishlanmalarni ko‘zdan kechirib, yoshlarning tashabbuskorligi, ilmiy-amaliy yondashuvi va innovatsion g‘oyalarini yuqori baholadi. Shuningdek, loyihalarni yanada takomillashtirish, ularni amaliyotga joriy etish hamda tijoratlashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berildi.
Mazkur forum yoshlarni “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” tashabbusi doirasida faol ishtirokchi va tashabbuskor sifatida jarayonga jalb etish, ularning ilmiy va innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Forum davomida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti AI Alliance”ning rasmiy a’zosi bo‘ldi. Mazkur a’zolik TATUga Alyansning xalqaro tashabbuslari, dasturlari va loyihalarida ishtirok etish, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, joriy etishga hissa qo‘shish imkonini beradi.
Shuningdek, Aloqabank bilan hamkorlikda “FinTech” laboratoriyasining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur laboratoriyada yosh startapchilarning ishlanmalari tayyorlanishi hamda fintex yo‘nalishi bo‘yicha yangi startaplar uchun maydon bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Ma'lumot uchun, loyiha doirasida 2030-yilga qadar 4 million 750 ming nafar maktab o‘quvchilari va talabalar, 150 ming nafar o‘qituvchilar hamda 100 ming nafar davlat xizmatchilarini sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qitish ko‘zda tutilgan. Ushbu tashabbus yoshlarning raqamli kompetensiyalarini oshirish, innovatsion fikrlashni rivojlantirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan.









