Qarshida yoshlar uchun raqamli imkoniyatlar: Xalqaro AT-kompaniyalar faoliyati bilan tanishildi
2026-01-23 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Qashqadaryo viloyatiga xizmat safari doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qarshi shahrida joylashgan Yoshlar Texnoparkiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida texnopark hududida faoliyat olib borayotgan xalqaro AT kompaniyalarning real ish jarayonlari, eksportga yo‘naltirilgan xizmatlari hamda yoshlar bandligini ta’minlashdagi amaliy hissasi bevosita ko‘zdan kechirildi. Xususan, xorijiy buyurtmachilarga masofadan AT xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan va bugungi kunda 20 nafardan ortiq yoshlarni ish bilan ta’minlagan “IT-call Qarshi” MCHJ faoliyati taqdim etildi.
Shuningdek, AQSH bozoriga yo‘naltirilgan AT xizmatlari orqali 70 nafardan ziyod yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlab kelayotgan “Data Drive” MCHJ faoliyati bilan ham tanishildi. Mazkur kompaniyalar tajribasi Qarshi shahrida xalqaro IT-outsourcing, masofaviy ish modeli hamda eksportga yo‘naltirilgan xizmatlarni rivojlantirish uchun yetarli salohiyat mavjudligini yaqqol namoyon etdi.
Eng muhimi, bunday loyihalar yoshlar uchun barqaror daromad manbai, xalqaro mehnat bozoriga chiqish, amaliy tajriba orttirish hamda zamonaviy raqamli kasblarni egallash yo‘lida real imkoniyatlar yaratmoqda.
Bugun Yoshlar Texnoparki nafaqat zamonaviy infratuzilma, balki yosh iste’dodlar, xalqaro AT-kompaniyalar va davlat siyosatini o‘zaro bog‘lovchi muhim platforma sifatida shakllanib bormoqda. Bu esa hududlarda raqamli iqtisodiyot va AT ekotizimini kengaytirish, yangi investorlar va ish beruvchilarni jalb etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.






