Londonda bo‘lib o‘tayotgan Jahon ta’lim forumi doirasida turli davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan muzokaralar olib borildi
2024-05-23 21:25:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston delegatsiyasi safida Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari London shahrida o‘tkazilayotgan “Jahon ta'lim forumi – 2024” (The Education World Forum 2024) da ishtirok etmoqda.
Delegatsiya vakillari Forum dasturidan o‘rin olgan tadbirlarda ishtirok etib, ta’limning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan muhokamalarda qatnashdi.
Shuningdek, Forum doirasida vazir o‘rinbosari R.Karimjonov sun’iy intellektning rivojlanishi istiqbollari va uning ta’limga ta’siri mavzusida nutq so‘zladi.
Shu bilan birga, delegatsiya tomonidan turli davlatlarning ta’lim kompaniyalari va tashkilotlari rahbarlari va vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.
Jumladan, Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov “Cambridge University Press and Assessment” tashkilotining Yevropa, Markaziy Osiyo va Pokiston ta’lim bo‘yicha hamkorlik rahbari Stiv King bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi va Cambridge vakillari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Memorandumning ahamiyati shundan iboratki, u O‘zbekiston talabalariga kelajak ko‘nikmalarini yegallashga yordam beradigan ilg‘or ta’lim amaliyoti va texnologik yangiliklarni birlashtiradi.
Shuningdek, Cambridge University Press and Assessment tomonidan grant mablag‘i ajratilishi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun: ushbu grant dasturi ta’lim rahbarlari uchun texnologiya orqali ta’lim sifatini yaxshilashga imkoniyat yaratuvchi dasturdir.
Dastur ishtirokchilarga ta’lim natijalarini yaxshilash uchun ta’lim texnologiyalaridan (EdTech) samarali foydalanish bo‘yicha ko‘nikma va bilimlarni beradi.
Shuningdek, “Computing Technology Industry Association” (CompTIA) – vitse prezidentlari Emi Kardel va Jeyson Moss bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida CompTIA o‘zining turli xil ta’lim resurslari orqali O‘zbekistonlik IT mutaxassislari uchun turli darajadagi kurslar, seminarlar va treninglar tashkil yetish masalalari hamda IT industriyasining tendensiyalari va rivojlanishi bo‘yicha turli tadqiqotlar va hisobotlar chop yetish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida, CompTIA, IT ta’lim uyushmasi va Toshkentdagi AMITY universitetlari o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik dasturi imzolandi.
Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi, IT ta’lim uyushmasi va Toshkentdagi AMITY universitetlari CompTIAning rasmiy “Platinum” hamkori maqomini oldilar.
Ma’lumot uchun: CompTIA bu kompyuter texnologiyalari va IT sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi notijorat tashkilotlardan biridir. 1982-yilda tashkil etilgan CompTIA global IT industriyasining rivojlanishiga yordam beradigan sertifikatlash dasturlari, ta’lim resurslari va soha tadqiqotlari bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, Wolverhampton universiteti vitse-prezidenti Ebraxim Aida bilan hamkorlik yuxasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Wolverhampton universiteti bilan IT ta’limi sohasida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama etildi. Jumladan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bazasida Wolverhampton universitetining fakultetini ochish masalasi yuzasidan fikr almashildi va hamkorlik memorandumi imzolandi.
Forum doirasida Buyuk Britaniya va Irlandiyadagi Google ta’lim bo‘limi boshlig‘i Anna Artemeva va Google for Education jamoasi bilan innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda ta’limni rivojlantirish sohasidagi hamkorlik istiqbollari va yangi imkoniyatlarni muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Google'ning ta’lim sohasidagi so‘nggi yangiliklari, shu jumladan o‘qituvchilar va talabalar uchun maxsus ishlab chiqilgan vositalar va yechimlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, ta’limda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari va ularning ta’lim samaradorligini oshirishga qo‘shgan hissasi, ta’lim muassasalarida innovatsion yechimlarini amalga oshirish uchun vazirlik va Google for Education o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida, ta’lim tizimining o‘ziga xos ehtiyojlarini va innovatsion texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini aniqlash uchun vazirlik va Google for Education o‘rtasida batafsilroq maslahatlar o‘tkazishga, ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va ma’murlari uchun Google for Education’ning so‘nggi ishlanmalari va maxsus ta’lim vositalari haqida ma’lumot sessiyasini tashkil etishga, raqamli savodxonlikni oshirish va o‘qitishning innovatsion usullarini qo‘llashga qaratilgan Google for Education bilan birgalikda o‘quv dasturlari va tadbirlarini o‘tkazish uchun hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish, O‘zbekistonda ta’limda sun’iy intellektni rivojlantirish va o‘qitish bo‘yicha qo‘shma strategiyani yaratish choralarini ko‘rishga kelishildi.






