14-yanvar munosabati bilan idoraviy mukofotlar topshirildi
2026-01-14 22:20:00 / Vazirlik yangiliklari

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Raqamli texnologiyalar vazirligida bayramona ruhda tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, barcha harbiy xizmatchilar va soha xodimlarini ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabrikladi.
Vazir o‘z tabrigida Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilayotgan har bir fidoyi insonning mehnati beqiyos ekanini ta’kidlab, tinchlik, osoyishtalik va mamlakat barqarorligini ta’minlashda raqamli texnologiyalar sohasining ham muhim o‘rni borligini alohida qayd etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 34 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Mudofaa vazirligi huzuridagi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasining bir guruh fidoyi va namunaviy xodimlari taqdirlandi.
Jumladan, xizmat burchini sidqidildan ado etib kelayotgan, aloqa va raqamli infratuzilmalar barqarorligini ta’minlashda faol ishtirok etgan xodimlarga “Mohir aloqachi” ko‘krak nishoni, “O‘z kasbining ustasi” belgisi hamda “Faxriy yorliq” kabi idoraviy mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.









