Raqamli texnologiyalar vazirligi AT sohasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Youth in IT” loyihasi doirasida navbatdagi qahramon bilan intervyu o‘tkazdi.
2026-01-14 12:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Shamshod Roziqov — xalqaro tajribaga ega yosh AT mutaxassisi, tadbirkor va innovatsion loyihalar asoschisi. Seul Milliy universiteti bitiruvchisi bo‘lgan u bugungi kunda blokcheyn va ta’lim texnologiyalari yo‘nalishida bir qator startap loyihalar ustida ish olib bormoqda.
Intervyu jarayonida Shamshod Rozikov Seul Milliy Universitetidagi tahsili, shuningdek, Janubiy Koreyadagi startap ekotizimida orttirgan amaliy tajribasi haqida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, xalqaro muhitda olingan bilim va ko‘nikmalar raqobatbardosh mahsulotlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Suhbat chog‘ida qahramonimiz bilan ishlab chiqayotgan ta’limiy platforma va blokcheyn asosidagi moliyaviy infratuzilma muhokama qilindi. Ta’limga yo‘naltirilgan platforma foydalanuvchi bilim darajasi, xatolari va maqsadlariga asoslangan shaxsiylashtirilgan o‘qitish (personalized learning) tizimini yaratishga qaratilgani bilan ajralib tursa, Moliyaviy platforma esa DeFi’lar tarmog‘i orqali barqaror kriptoaktivlar asosida daromad olish jarayonini avtomatlashtirishni maqsad qilgani bilan ajralib turadi.
Suhbat yakunida yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro tajribani mahalliy ekotizimga joriy etish hamda innovatsion loyihalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikrlar bildirildi. Bunday intervyular mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
To'liq suhbatni ko'rish uchun havola: http://youtube.com/watch?v=dibo4xa6IcM
