Sarhisob: 2025-yil natijalari – barqaror raqamli kelajak uchun poydevor
2026-01-07 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani jadal rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 2025-yilda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga taqdim etilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish, zamonaviy raqamli iqtisodiyot uchun mustahkam infratuzilma yaratish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Xalqaro va magistral tarmoqlar: o‘tkazuvchanlik bir necha barobar oshdi
Xalqaro internet tarmoqlariga ulanish salohiyatini oshirish bo‘yicha tizimli choralar natijasida 2025 yilga kelib umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 4 400 Gbit/s.ga yetkazildi. Bu ko‘rsatkich 2020 yildagi 1 200 Gbit/s.ga nisbatan 3,6 barobarga oshganini anglatadi.
Shuningdek, respublika bo‘ylab magistral telekommunikatsiya tarmoqlari ham sezilarli darajada kengaytirildi. Xususan, viloyatlararo tarmoqlar o‘tkazuvchanlik qobiliyati 600 Gbit/s.ga, tumanlararo esa 60 Gbit/s.ga yetkazildi. Bu hududlar o‘rtasida barqaror va yuqori tezlikdagi aloqani ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Simli keng polosali internet: optik tola asosiy drayverga aylandi
Aholiga ko‘rsatilayotgan internet xizmatlari sifatini oshirish maqsadida 2025-yil yakuniga qadar qo‘shimcha 53,5 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurildi. Natijada, optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 346,6 ming km.ga yetdi va bu ko‘rsatkich 2020-yilga nisbatan 5 barobarga oshdi.
Keng polosali internet xizmatlarini taqdim etish maqsadida o‘rnatilgan portlar soni ham jadal o‘sdi: 2020 yilda ularning soni 2,9 mln tani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil yakuniga kelib 6,3 mln taga yetkazildi.
Mobil aloqa: deyarli to‘liq qamrov
Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish sohasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Bugungi kunda aholi yashash maskanlarining mobil aloqa bilan qamrov darajasi 99,5 foizni tashkil etmoqda.
2020-yilda respublika bo‘yicha 31 740 ta tayanch stansiya mavjud bo‘lgan bo‘lsa, modernizatsiya va yangi qurilish ishlari natijasida 2025-yilga kelib ularning umumiy soni 98 700 taga yetkazildi. Bu esa 5 yil ichida 3,1 barobar o‘sishni ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarining 96,2 foizi mobil aloqa qamrovi bilan ta’minlanib, aholi va turistlar uchun yo‘llarda internetdan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi.
Ijtimoiy obyektlar — 100 foiz yuqori tezlikdagi internet bilan
Ijtimoiy sohani raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, xalq ta’limi obyektlari, maktabgacha ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda militsiya tayanch punktlari 100 foiz yuqori tezlikdagi internet xizmatlari bilan ta’minlandi.
2025-yilga kelib aholi orasida zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari — MNP, VoLTE va VoWiFi kabi texnologiyalar keng ommalashdi.
Xalqaro reytinglarda O‘zbekiston pozitsiyasi mustahkamlanmoqda
Amalga oshirilgan islohotlar xalqaro reytinglarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Xalqaro Elektraaloqa Ittifoqining AKTni tartibga solish trekkerida O‘zbekiston 72,5 ball bilan G2 pog‘onadan G3 pog‘onaga ko‘tarildi.
Speedtest.net (Ookla) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020–2025-yillar davomida O‘zbekiston simli internet tezligi bo‘yicha 112-o‘rindan 77-o‘rin (+35)ga ko‘tarilib, o‘rtacha tezlik 89,89 Mbit/s.ni tashkil etdi. Mobil internet tezligi bo‘yicha esa mamlakat 133-o‘rindan 71-o‘rin (+62)ga ko‘tarilib, o‘rtacha 53,23 Mbit/s. natija qayd etildi.
Normativ-huquqiy baza: bozorni liberallashtirish sari qadam
Telekommunikatsiya sohasini yanada rivojlantirish maqsadida normativ-huquqiy baza izchil takomillashtirilmoqda. 2025-yil 18-sentabrda Vazirlar Mahkamasining 592-son qarori qabul qilinib, telekommunikatsiya bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirish va raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Ushbu qarorga muvofiq, mobil va (yoki) simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega operatorlarga 2030-yil 1-yanvargacha sinov tariqasida xalqaro internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi berildi.
Shuningdek, 2025-yil 21-oktabrda qabul qilingan PQ-313-son Prezident qarori orqali olis hududlarda aloqa qamrovini oshirishda yo‘ldosh aloqa texnologiyalarini joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Bu qaror orqali o‘rta va past orbitali yo‘ldosh tizimlarini joriy etish, favqulodda holatlarda zaxirali aloqani ta’minlash hamda axborot xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan muhim vazifalar belgilandi.
