O‘zbekiston raqamli transformatsiyaning yangi bosqichiga chiqmoqda
2026-01-06 14:55:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, AT eksporti qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni 1354 taga ko‘payib, O‘zbekiston AT xizmatlarini 90 dan ortiq davlatga eksport qilmoqda. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida esa 2 milliard dollarga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etildi.
Startaplar ekotizimi ham jadal rivojlanib, ularning soni 10 barobarga oshdi va sohaga 300 million dollardan ortiq sarmoya kiritildi. Bu natijalar mamlakatda yaratilgan qulay muhit va kuchli siyosiy iroda samarasidir.
Bugun O‘zbekiston xorijiy AT kompaniyalari uchun ishonchli va jozibador manzilga aylanmoqda. Hududlarda yaratilgan sharoitlar tufayli nafaqat poytaxt, balki viloyatlar ham AT rivoji markaziga aylanib bormoqda.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ta’kidlaganidek, aniq maqsad, mustahkam huquqiy baza, yo‘naltirilgan mablag‘lar va iqtisodiy liberallashtirish AT tarmog‘ini yangi bosqichga olib chiqdi.
Mamlakatimizdagi raqamli ekotizim xorijiy AT kompaniyalari uchun ham jozibador bo‘lib bormoqda. Dunyoning 55 dan ortiq mamlakatida 60 mingdan ziyod xodimga ega bo‘lgan xalqaro AT kompaniya EPAM Systems bunga yaqqol misol. Kompaniya 2019-yilda O‘zbekistonda 5 nafar xodim bilan faoliyat boshlagan bo‘lsa, bugun ularning soni 600 nafardan oshdi.
Shuningdek, Yevropa va dunyoning 10 ta mamlakatida ofislarga ega Ivention kompaniyasi ham O‘zbekistonni ishonchli hamkor sifatida tanlab, bu yerda eng tez o‘sayotgan filialini shakllantirdi. So‘nggi bir yil ichida kompaniya faoliyati 40 foizdan ortiq o‘sdi.
Bugun AT sohasi nafaqat Toshkentda, balki barcha hududlarda rivojlanmoqda. Soliq imtiyozlari, rezidentlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar va “Zero Risk” dasturi xorijiy kompaniyalarning viloyatlarda ham faoliyat boshlashiga keng yo‘l ochdi. Jizzaxda ish boshlagan “Texno Fort” kompaniyasi hududlarning AT salohiyati oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishda data-markazlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Saudiya Arabistonining Data Volt kompaniyasi O‘zbekistonda 3 milliard dollarlik 500 MVtlik “yashil” energiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirgan bo‘lib, bugun Toshkentda 150 million dollarlik investitsiya asosida 12 MVtli data-markaz qurilishi boshlangan.
O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar yirik texnologik gigantlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Xususan, Meta va Google kompaniyalari ekspertlari mamlakatimizdagi sun’iy intellekt va raqamlashtirish jarayonlarini ijobiy e’tirof etmoqda.
Prezident tomonidan raqamli infratuzilmani barcha hududlarda rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Qoraqalpog‘istonni data-habga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan, investorlar uchun alohida imtiyozlar joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, o'tgan yil 26-dekabr kuni Prezidentning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida AT, fintex va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi startaplarga 270 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilingani qayd etildi. Kelgusi yilda mamlakatimizda 4 ta data-markaz, 2 ta superkompyuter va 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
“O‘zbekiston 24” telekanali tomonidan tayyorlangan “Renessan yo‘li” nomli hujjatli filmda mamlakatimizda raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda erishilayotgan natijalar atroflicha yoritildi.
