Yil yakunlarida sohada faol ishlagan xodimlar faoliyati alohida e’tirof etildi
2025-12-30 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor rejalarga bag‘ishlangan maxsus tadbir tashkil etildi. Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
Vazir Sh. Shermatov tadbir davomida 2025-yil mobaynida raqamli transformatsiya, raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida amalga oshirilgan muhim loyihalar, erishilgan natijalar hamda kelgusi yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalarga to‘xtaldi.
Shuningdek, raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlarni izchil davom ettirish, raqamli yechimlar orqali aholi yashash tarzini yengillashtirish 2026-yilda ham ustuvor vazifa ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir doirasida 2025-yil davomida samarali mehnat qilgan, sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan bir guruh vazirlik xodimlari taqdirlandi. Jumladan, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish, raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali insonlar hayotini yengillashtirish hamda qo‘shimcha daromad topish imkoniyatlarini kengaytirishga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun ular sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida yil davomida fidokorona mehnat qilgan barcha xodimlarga minnatdorlik bildirilib, 2026-yilda ham raqamli rivojlanish yo‘lida birgalikda yangi marralarga erishishga qaratilgan yakunlovchi tabrik va ezgu tilaklar bildirildi.









